Telegram asoschisi Pavel Durov “Gram” virtual valyutasini sotishga mo’ljallangan “Ton” loyihasi to’xtatilganini e’lon qildi. Bunga AQSh sudining ruxsat bermagani sabab bo’ldi.

Foto: Google

Telegram bu loyiha uchun investorlardan allaqachon 1,7 milliard dollarlik mablag’ yig’gan edi. U aprelgacha ishga tushishi rejalangan, ammo so’nggi oylarda AQShning Qimmatbaho qog’ozlar va birjalarni nazorat qiluvchi agentligi bunday biznes turining qonuniy emasligini ta’kidlab, AQShda ishga tushishiga qarshilik bildirib kelayotgan edi.

Telegramning o’z loyihasini himoya qilishga bo’lgan urinishlari foyda bermadi. AQSh sudi ham endi uning nafaqat AQSh hududida, balki xorijda ham ishlashiga taqiq qo’ydi. Chunki, sud da’vosiga ko’ra, agar xorijda ishga tushirilsa, amerikaliklar sotib olishi mumkin bo’ladi va bunga ruxsat yo’q.

Amerika fond bozori ishtirokisiz bu loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshishi mumkin emas. Sarmoyadorlarning aksariyati ham amerikaliklar edi. Loyiha boshi berk ko’chaga kirib qolgani bois, Durov bugun undan voz kechganini e’lon qildi.

Bu Telegram uchun katta yo’qotish. Foydalanuvchilari soni yarim milliardga yaqinlashgan messenjer platformasi haligacha daromad ko’rmaydi; ya’ni loyihani qanday monetizatsiya qilish ma’lum emas. Aynan “Ton” blokcheyn texnologiyasi Telegramni foydaga olib chiqishi kutilayotgan edi.

Sodda qilib aytganda, Telegram “bitcoin”ga o’xshash o’z “puli”ni yaratmoqchi edi. Kompaniya jamoasi bir necha yildan beri uning ustida ishladi; bu ishga millionlab dollar mablag’ sarflandi. Loyiha ham tayyor edi, faqat AQSh uning ishga tushirilishiga ruxsat bermadi.