Pandemiya sharoitida sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini yurtimizga noqonuniy olib kirilishini oldini olish maqsadida bojxona organlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Davlat bojxona qo’mitasi axborot xizmati

Jumladan, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda Namangan shahrida tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Tadbir davomida Namangan shahar Bodomzor ko‘chasida avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro M.I. ga tegishli bo‘lgan “Isuzu” rusumli yuk avtotransport vositasi xolislar ishtirokida va belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada ushbu avtomashinada tegishli hujjatlari bo‘lmagan, xorijda yetishtirilgan salkam 3,5 tonna quritilgan mevalar, shuningdek, 1168 dona olib kirish va realizasiya qilish taqiqlangan elektr cho‘g‘lanma lampochkalari, 1140 dona sifati kafolatlanmagan bolalar o‘yinchoqlari, hasharotlarga qarshi dorilar, soch olishga mo‘ljallangan moslama va boshqa xo‘jalik mollari borligi aniqlandi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-oktabrdagi “Energiyani tejaydigan lampalar mahalliy ishlab chiqarilishini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 299-sonli qaroriga ko‘ra, elektr cho‘g‘lanma lampalarni 2016-yil 1-iyuldan erkin muomalaga chiqarish va 2017-yil 1-yanvardan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi xududida realizasiya qilinishi taqiqlangan.

Mazkur holat yuzasidan jami 151 million so‘mlik tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olindi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda, deyiladi Davlar bojxona qo’mitasi axborot xizmati xabarida.