O‘zbekistonda “Elektron hukumat foydalanuvchilarini mobil telefon raqami bo‘yicha identifikatsiya qilish” idoralararo axborot tizimi yaratiladi. Bu borada Hukumatning “Elektron hukumatni rivojlantirish doirasida shaxsni tasdiqlashning qo‘shimcha shakllarini tadbiq etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Foto: Google

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

2020-yil 1-iyunga qadar “Mobil identifikatsiya” axborot tizimini yaratish bo‘yicha texnik hujjatlarni tasdiqlaydi;

2020-yil 1-iyulga qadar “Mobil identifikatsiya” axborot tizimini texnik ishlashi va rivojlanishiga  mas’ul bo‘lgan operatorni belgilash bo‘yicha idoraviy qarorni qabul qiladi;

2020-yil 1-sentyabrga qadar “Mobil identifikatsiya” axborot tizimini ishlab chiqilishini hamda elektron hukumat hamda mobil aloqa operatorlarining axborot tizimlari bilan integrasiya qilinishini ta’minlaydi.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mobil aloqa operatorlari bilan birgalikda:

2020-yil 1-iyuldan o‘zlarining axborot tizimlarida majburiy tartibda yangi va amaldagi jismoniy shaxslar – abonentlar uchun jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JShShIR) joriy etilishi va yuritilishini ta’minlaydilar;

2020-yil 1-sentabrdan:

  • mobil aloqa operatorlarining axborot tizimlari va “Mobil identifikatsiya” axborot tizimi o‘rtasida real vaqt rejimida jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi quyidagi ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yadilar:
  • abonentning JShShIR bo‘yicha – abonentning telefon raqami;
  • abonentning telefon raqami bo‘yicha – abonentning JShShIR.
  • mobil telefon raqamlari identifikatsiyadan o‘tgan jismoniy shaxslar-abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Mobil identifikatsiya” axborot tizimiga real vaqt rejimda taqdim etib borilishini ta’minlaydilar.

Hujjat bilan shunday tartib belgilanadiki, unga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini berishda, jismoniy shaxslarga elektron hukumat tizimlari va elektron davlat xizmatlaridan foydalanishlari uchun ularning shaxslarini elektron tasdiqlash imkoniyatini beruvchi elektron raqamli imzo kalitlari hamda sertifikatlari avtomatik ravishda shakllantiriladi.