Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Hovuzning atroflari katta maxsus toshlar bilan terilgan zinalardan iborat bo‘lib, suv tashuvchi meshkoblar mazkur zinalar orqali hovuzga tushib suv olishgan va ular ushbu harakatlari bilan Buxoro aholisiga xizmat qilishgan. Hovuz suvi avvalo shahar aholisining ichishi, ko‘chalarni sug‘orish va qurilish ehtiyojlari uchun ishlatilgan. Hovuz atrofidagi ko‘p asrlik daraxtlar hozirgi kunga qadar ham viqor bilan qad ko‘tarib turadi.

Labi hovuz ansambli juda ko‘rkam qurilgan. Hovuz suvining atrofga oynadek aks berishi va uning atrofini o‘rab olgan yashil maydon majmuaning tarixiy yodgorliklari bilan uyg‘unlashib noan’anaviy, o‘ziga xos go‘zal bir maskanni hosil qilgan.

Hozirda mazkur madaniy meros ob’ekti davlat muhofazasiga olingan bo‘lib, YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektlardan biri. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan madaniy meros ob’ektlarining milliy ro‘yxatiga 173-raqam bilan kiritilgan, deyiladi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabarida.