Bugungi kunda butun yer yuziga tarqalib ketgan COVID-19 koronavirusi o‘chog‘i sifatida tan olingan Xitoyning Uxan shahrida joylashgan Virusologiya instituti xodimlari muassasaning o‘ta xavfli mikroorganizmlar tadqiq etiladigan laboratoriyasida ish qay tarzda yo‘lga qo‘yilgani haqida OAVga so‘zlab berishdi.

Foto: EPA-EFE / ALEX PLAVEVSKI

Uxan’ davlat laboratoriyasining bioxavfsizlik bo‘yicha direktori Yuan Chjimin korxonada infeksion materiallar bilan ishlashda barcha qoidalarga qat’iy rioya qilinishini ishonch bilan ta’kidlaydi. Qayd etilishicha, laboratoriyada tajriba o‘tkazuvchi mutaxassislar har yili jismoniy va ruhiy holati yuzasidan tekshiruvdan o‘tib turishadi.

Bundan tashqari, laboratoriyaga kirib-chiqish muntazam qayd etib boriladi, bino hududida yolg‘iz yurish man etilgan.

Shuningdek, laboratoriyada aksil bosim texnologiyasi qo‘llanadi: bino ichidagi havo tashqariga chiqmaydi.

Ta’kidlanishicha, har qanday zararlangan chiqindi unsurlar yuqori bosim ostida qayta ishlovdan o‘tkaziladi va keyin tegishli lisenziyaga ega kompaniya tomonidan yo‘q qilinadi.

Ma’lumki, AQSh prezidenti Donal’d Tramp koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalib ketishida bir necha bor Xitoyni ayblab, bayonot berdi. Uning aytishicha, infeksiya xitoylik mutaxassislarning ishga mas’uliyatsizligi oqibatida nazoratdan chiqib ketgan bo‘lishi mumkin.

Amerika yetakchisi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ni XXR qo‘lidagi “qo‘g‘irchoq” deb atadi. Qo‘shma Shtatlar Davlat kotibi Maykl Pompeo esa Vashington koronavirus Uxandagi laboratoriyadan tarqatilganini tasdiqlovchi juda ko‘p dalillarga ega ekanini e’lon qildi.