Tarixdagi eng yirik kapitallashgan korporatsiya – “Apple Distribution International Limited” O‘zbekistonda ixtiyoriy ravishda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi va I chorakdagi faoliyati natijalariga ko‘ra, davlat byudjetiga 59,2 ming AQSh dollari miqdorida soliq to‘ladi.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Avval xabar qilganimizdek, 2020-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida jismoniy shaxslarga xizmatlarni elektron shaklda taqdim etadigan xorij kompaniyalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lash tartibi joriy etilgan edi.

Bugungi kunga qadar O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatayotgan 10 ta chet el kompaniyasi “Internet-kompaniyalarning QQS ofisi” “Tax.uz” orqali qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hududida elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorij kompaniyasi – “Google Commerce Limited” ham QQS to‘lovini amalga oshirgan edi. Mazkur kompaniya joriy yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, davlat byudjetiga 85 ming yevro to‘ladi.

Bundan tashqari, filmlar va seriallar yetkazib beruvchi – Netflix International B.V. kompaniyasi ham O‘zbekiston byudjetiga 4,3 yevro miqdorida QQS to‘lagan.

Chet el kompaniyalarining ixtiyoriy ravishda ro‘yxatdan o‘tishi va soliqlarni to‘lashi hududida pullik xizmat ko‘rsatayotgan mamlakat qonunlarini hurmat qilishlarini anglatadi.

Davlat soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va mamlakat byudjetini to‘ldirayotgan xorijiy kompaniyalar haqidagi xabarlarni yetkazishni davom ettiradi, deyiladi Davlat soliq qo’mitasi bergan xabarida.