Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Foto: Google

Yig‘ilishda prezident vazirlik va idoralarda axborot texnologiyalarini qo‘llash darajasiga qarab undagi rahbarlarning oylik mukofot pulini oshirish yoki kamaytirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga davlat idoralari ma’lumotlar bazasini tasniflab, ularni idoralararo integratsion platformaga ulash, elektron hamkorlikning yagona texnologik talablarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Pandemiya ta’sirini inobatga olib, eng zarur bo‘lgan davlat xizmatlarini tezkor ravishda elektron shaklga o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Toshkent shahrida elektron tibbiyot kartasi, elektron shifoxona hamda shoshilinch tibbiy yordam tizimlarini joriy etish, ijtimoiy nafaqalar hisobini yuritishga mo‘ljallangan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ni joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlat soliq qo‘mitasiga savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini onlayn nazorat kassa mashinalariga o‘tkazish, alkogol va tamaki mahsulotlarini markirovkalash hamda elektron hisob-faktura tizimini joriy etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Kelgusi besh yilda sanoat korxonalarida axborot texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga tannarxni o‘rtacha 13-15 foizga pasaytirish mumkin.

Transport vazirligiga temir yo‘llarda yuk tashish hamda Toshkent shahrida jamoat transporti xizmatlari to‘lovi uchun avtomatlashgan tizimlarni ishga tushirish, barcha transportlarga yagona elektron bilet joriy etishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Jahon banki hisobotiga ko‘ra, keng polosali internet tarmog‘ini 10 foiz kengaytirish evaziga yalpi ichki mahsulotni kamida 1 foiz o‘stirish mumkin.

Joriy yilda optik tolali aloqa qamrovini maktabgacha ta’lim tizimida 41 foizdan 100 foizga, xalq ta’limida 40 foizdan 70 foizga, sog‘liqni saqlash sohasida 38 foizdan 100 foizga yetkazish vazifasi belgilangan. Bu orqali ko‘plab qishloqlarga internet tarmog‘i yetib boradi.

Shu bois Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ijtimoiy ob’yektlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash, tezkor mobil internet qamrovini yil yakunigacha 90 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.