Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Joriy yil 28-aprelda “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida raqamli iqtisodiyot bilan shug‘ullanadigan yaxlit tizim yaratildi.

Jumladan, “Elektron hukumat”, iqtisodiyot tarmoqlari va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, IT parklarni tashkil etish va boshqarish kabi vazifalar to‘liq vazirlik vakolatiga o‘tdi.

Shu bilan birga, qarorda yangi loyihalarning moliyaviy manbalari ham aniq ko‘rsatilgan. “Elektron hukumat” doirasida 1,3 trillion so‘mlik 104 ta loyiha, iqtisodiyotning real sektorida 5,3 trillion so‘mlik 87 ta loyiha, telekommunikatsiyalar borasida 15,1 trillion so‘mlik 35 ta, agrar sohada 24 ta, IT parklar bo‘yicha 18 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev “Bu ishlarni kelgusi 2-3 yilda to‘liq amalga oshirmasak, har bir kechikkan yilimiz mamlakatimizni 10 yil orqaga tortadi”, deya ta’kidladi.

Xizmatlarni raqamlashtirish borasidagi hozirgi ahvol tahlil qilindi. Qayd etilganidek, davlat idoralarida mavjud 700 dan ortiq axborot tizimlarining atigi 30 foizi “Elektron hukumat” tizimiga ulangan. Davlat xizmati ko‘rsatuvchi 80 ta idoraning atigi 27 tasi Davlat xizmatlari agentligiga integratsiya qilingan.

Prezident vazirlik va idoralarda axborot texnologiyalarini qo‘llash darajasiga qarab undagi rahbarlarning oylik mukofot pulini oshirish yoki kamaytirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.