Koronavirus pandemiyasi tufayli karantin tartibi joriy etilgach, joylarda ko‘pchilik tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatlarini tugatishgan edi.

Foto: Davlat soliq qo’mitasi axborot xizmati

Birgina Buxoro viloyatida mavjud 21,121 ta tadbirkorlik subyektlarining 5272 tasi pandemiya vaqtida faoliyatini to‘xtatgan edi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenting 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5978-sonli farmoni bunday og‘ir vaziyatda iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘ldi.

E’tiborlisi, o‘tgan qisqa davr mobaynida viloyatda mazkur farmon ijrosini ta’minlash, koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelayotgan muammolar hamda uning oqibatida faoliyatni davom ettirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bataraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar natijasida viloyatdagi 974 ta korxona karantin qoidalariga rioya etgan holda faoliyatini tikladi.

Jumladan:

  • 102 ta sanoat,
  • 163 ta qurilish,
  • 49 ta umumiy ovqatlanish,
  • 446 ta ulgurji va chakana savdo hamda
  • 212 ta maishiy xizmat korxonalari o‘z faoliyatini tikladi.

Ayni paytda ushbu korxonalarda karantin qoidalariga rioya etgan holda faoliyat yuritishi to‘liq nazoratga olingan.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, viloyatda faoliyat yuritmayotgan qolgan jami 4298 ta korxonalarda ham karantin cheklovlarini yumshatish va ularning belgilangan tartibga rioya qilgan holda faoliyat ko‘rsatishiga ruxsat berish choralari ko‘rilmoqda, deyuladi Davlat soliq qo’mitasi axborot xizmati xabarida.