Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashovchi R.M. 8-may kuni Baliqchi mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi tanishi A.U.ning uyiga hasharga boradi. Boshqaruvidagi “Spark” avtomashinasini esa A.U. ning uyi oldidagi qurilishi tugallanmagan uyda qoldiradi. 9-may soat 06:30 larda kelib qarasa, avtomashinasi joyida yo‘q.

Foto: Sputnik

Shu bois ichki ishlar xodimlaridan mashinasini topib berishlarini so‘rab, ariza bilan murojaat qilgan.

Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida ushbu jinoyatni A.U.ning uyida yollanib ishlayotgan, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanilik B.R. sodir etganligi aniqlanib, avtomashinani Nazarbek qo‘rg‘oni hududida haydab ketayotgan vaqtida ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan.

IIV axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovni IIB olib bormoqda.