Vladimir Putin vazirlar mahkamasiga va Davlat kengashiga 12-mayga qadar hududlarda koronavirus tufayli eʼlon qilingan cheklovlarni bosqichma-bosqich bekor qilish boʻyicha tavsiyalarni tayyorlashni buyurdi.

Foto: Sputnik

Tegishli farmoyishlar Kreml saytida eʼlon qilingan.

Bundan tashqari, 1-iyunga kelib hukumat “aholi bandligini va daromadini tiklash, iqtisodni rivojlantirish va uzoq muddatli tuzilmaviy oʻzgarishlar boʻyicha” umummilliy harakatlar rejasini ishlab chiqishi lozim.

Shuningdek, Rossiya prezidenti bugun majlis oʻtkazishi va yigʻilishda mamlakatda koronavirus tarqalishi munosabati bilan dam olish kunlarini uzaytirish masalasini koʻrib chiqishi kutilmoqda.

Bu haqda RIA Novostiga prezident matbuot-kotibi Dmitriy Peskov maʼlum qildi.

Aprel oyi oxirida Rossiya yetakchisi fuqarolarga murojaat qilib, dam olish kunlarini – bayram kunlarini hisobga olgan taqdirda 11-mayga qadar uzaytirgan edi.

Moskva va aksariyat hududlarida umumiy oʻz-oʻzini yakkalash tartibi amal qilmoqda: poytaxtda bu rejim 31-mayga qadar uzaytirildi.

Bundan tashqari, aholi jamoat transporti, doʻkon va ishdaligida qoʻlqop va niqobdan foydalanishi shart etib belgilandi. Shunday choralar boshqa qator regionlarda ham amal qilmoqda.

Hukumat fuqarolarni zaruratsiz uydan chiqmaslikka, gigiyena qoidalariga amal qilishga, koʻchada va jamoat joylarida kamida bir yarim metrlik ijtimoiy masofani saqlashga chaqirib kelmoqda.

Mamlakatda infeksiya yuqtirib olganlar soni hozirga kelib 220 mingdan oshdi. Mamlakat koronavirus infeksiyasi soni bo’yicha dunyoda uchinchi o’ringa chiqdi.