Bugun AOKA shtabida Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Foto: Google

Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.

Savol: Ayrimlar niqobni iyagiga va bo‘yniga ilib olgan. Bunga munosabatingiz?

Javob: Bilib qo‘ying, koronavirus organizmga iyagingiz va bo‘yningiz orqali yuqmaydi.

Koronavirus organizmga burun, og‘iz va ko‘z shilliq pardasi orqali kiradi va rivojlanadi. Doka niqob bilan burunning, og‘izning, bir paytning o‘zida ikkalasining yopilmagani koronavirus qo‘zg‘atuvchisining organizmga kirishiga yo‘l ochib beradi.

Agar Siz doka niqobni to‘g‘ri taqib yurgan bo‘lsangiz, niqobni noto‘g‘ri taqib yurgan odamga albatta e’tiroz bildiring. Negaki, ushbu shaxs nafaqat o‘zining, balki, Sizning salomatligingizga ham xavf soladi. Uning esa bunga haqqi yo‘q.

Savol: O‘zbekistonga olib kelingan test tizimlari o‘z samarasini beryaptimi?

Javob: O‘zbekistonda hozirda 4 xil test-sistemalardan foydalanilayapti. Ular Xitoy (2 xil test sistema), Rossiya va Germaniya davlatlarida ishlab chiqilgan test-sistemalardir. Ularning sezgirlik darajasi 100% deb baholangan.

Savol: Kasallik aniqlangan bemorlarni hisobga olish tartibi qanday?

Javob: Epidemiologiya fanining talablariga muvofiq, yuqumli kasalliklar qayerda aniqlansa, shu yerda hisobga olinishi lozim.

Hozir respublikamizda koronavirus kasalligiga chalinganlar qaerda aniqlansa, o‘sha yerda davolanmoqda. Biz ularni uyushgan holda olib keldik, uyushgan holda karantinga oldik, kasallik aniqlansa, aniqlangan joyida davolashni boshladik. Albatta, yakuniy statistikada ularning doimiy yashash manzillari e’tiborga olinadi.

Savol: Koronavirusga testni xorijda topshirib kelgan bo‘lsa, uning natijasi O‘zbekistonga kelgandan keyin ham amal qiladimi?

Javob: Yo‘q. Kasallikka xorijda tekshirganlik haqidagi ma’lumotnomalar va sertifikatlar tan olinmaydi.

Masalaning yana bir tomoni — har qanday shaxs tekshiruv o‘tkazilgandan keyin yoki o‘z yurtiga qaytib kelish jarayonida (samolyotda, poezdda, avtomobilda va h.k.) kasallikni yuqtirib olgan bo‘lishi ham mumkin.