Respublika Gidrometeorologiya markazi O‘zbekistonda yangi haftada kutilayotgan ob-havo haqida ma’lumot taqdim etdi.

Foto: Google

Bugun respublikamiz hududiga Turkmanistondan quruq va nam havo oqimi chiqishi natijasida O‘zbekiston hududining katta qismida ob-havo quruq va kam bulutli bo‘ladi. Kunduzi termometr ustunchasi 28-33 darajagacha ko‘tariladi.

Faqat O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy tumanlariga Kaspiy dengizi hududidan nam havo kirishni boshlaydi.

11-may kechga borib va 12-mayda Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida, 12-may kunning ikkinchi yarmida Buxoro va Navoiy viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi, shamolning tezligi sekundiga 15-20 m/s ga kuchayishi mumkin, shamol shiddat bilan esganda uning tezligi 23-28 metrgacha yetadi. Respublikaning qolgan hududida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Harorat 27-32 darajani tashkil qiladi.

13-14 may kunlari nam havo oqimi butun O‘zbekiston hududiga tarqaladi. Respublika bo‘yicha ayrim joylarga yomg‘ir, kuchli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda. Shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha, shiddat bilan esganda 23-28 metrgacha kuchayishi mumkin.

13-mayda faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. 14 mayda Buxoro va Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Kavkaz hududidan kelayotgan sovuq front o‘tishi natijasida 13-14 may kunlari respublikamiz hududining katta qismida havo haroratining 18-23 darajagacha pasayishi kutilmoqda, bu may oyi uchun xos bo‘lgan me’yoriy haroratdan 8-10 darajaga pastdir.

15-may kuni O‘zbekiston hududida ob-havo asosan yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Kunduzgi harorat 3-5 darajaga ko‘tariladi.