Koronavirus pandemiyasi sabab AQShda bitiruv marosimlari qoldirilgan. Kollej va universitetlar muqobil yechimlar bilan chiqmoqda – ba’zilari tadbirni kechiktirishga qaror qilgan bo’lsa, boshqalari virtual tarzda o’tkazishni ma’qul deb topdi.

Foto: Amerika ovozi

Juliana Beyn Kornel universitetidan diplom olish arafasida. O’tgan to’rt yil ham hayajonli, ham mashaqqatli davr bo’ldi, deydi u. Beyn o’qish muvaffaqiyatli yakunlanayotganini do’stlari davrasida may oyida nishonlashni rejalagan edi.

“Bitiruv tadbirlari uch kun davom etadi. Sahnaga chiqib diplomni qabul qilib oladigan kunni barcha talabalar orziqib kutadi. Marosimga odatda biror taniqli shaxs kelib, birituvchilar oldida nutq so’zlaydi. Masalan, oldingi yillarda vitse-prezident Jo Bayden taklif qilingan, elga mashhur aktyorlar kelgan”, – deydi Juliana.

Birituvchilarga pochta orqali marosimga taklifnoma jo’natiladi. Biroq bu yili minglab talaba qatorida Beynga ham tadbirlar bekor qilingani haqida xabar keldi.

“Marosim bekor qilinishi haqida rasmiy e’londan biroz avvalroq bilgandik. Chunki boshqa universitetlar ham xuddi shunday qilyapti”, – deydi bitiruvchi.

Oliy o’quv yurtlari bitiruv kechalari o’tmasligi haqida mart o’rtalaridan e’lon qila boshlagan. Endilikdagi vazifa buni qanday qilib uydan turib nishonlashdir.

Garvard universiteti tadbirlarni onlayn tarzda o’tkazadi. Jons Xopkins universiteti ham talabalariga shu haqda e’lon qildi.

“Virtual marosim o’tkazamiz. Ammo karantindan keyin bir joyga to’plana oladigan vaqt kelsa, biror narsa uyushtiramiz deb talabalarga va’da berdik. Hozircha shunchaki bir reja xolos”, – deydi dekan Elliot Koen.

Kollej va universitetlarning rasmiy tadbirlari kelajakda bo’lib o’tadi, ammo sanasi hozircha belgilanmayapti. Masalan, Boston universiteti 2021-yilning yanvarigacha ochilmasligi mumkin.

Amerika kollejlari va universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti Lin Paskarellaning aytishicha, bekor qilingan marosimlar nafaqat birituvchilar, balki butun ta’lim tizimi uchun afsuslanarli.

“Ushbu tadbirlar nafaqat bitiruvchilarning mehnatini, akademik yutuqlarini nishonlash fursati, balki an’analar asosida barchani bir davraga to’playdigan muhim kun hamdir. Masalan, shu kuni avvalgi bitiruvchilar kampusga qaytadi, ta’lim ularning hayotini qanchalik o’zgartirgani haqidagi mulohazalari bilan bo’lishadi”, – deydi Paskarella.

Bitiruvchilar pandemiya sabab qilinayotgan qarorlarni tushunib, diplomni virtual nishonlash hozircha kifoya ekanini aytmoqda.