O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ayni vaqtdagi vaziyat haqida ma’lumot berdi.

Foto: Google

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 2453 nafarga yetdi. Bemorlarni davolashda samaradorlik kuzatilyapti. 10 may kuni 35 fuqaro to‘liq sog‘ayib, reabilitasiya markazlariga o‘tkazildi. Shu tariqa 1881 nafar, ya’ni 78 foiz bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda davolanayotgan 562 bemordan 6 nafarining ahvoli og‘ir.

Hurmatli yurtdoshlar!

Shularni inobatga olib, barchamiz hushyor bo‘lishimiz kerak. Eslatib o‘tamiz O‘zbekistonda karantin tadbirlari davom etyapti. Karantin tadbirlarini bosqichma-bosqich yumshatish maqsadida hududlar “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga bo‘lindi. Bu shunchaki bo‘linish, xolos. Lekin hech kim qaysidir hududda kasallik chiqmasligiga kafolat bera olmaydi. Shunday ekan, har birimiz o‘ta sinchkov bo‘laylik!

Ahamiyat bergan bo‘lsangiz keyingi ikki kun ichida koronavirus kasalligi bilan yangidan ro‘yxatga olingan bemorlar soni yana ortdi. Barchamiz kasallikning ikkinchi to‘lqiniga duch kelmaslik haqida qayg‘urishimiz zarur, – deydi Nurmat Otabekov.