Koronavirus pandemiyasi tufayli 2021-yilning yozida oʻtkazilishi belgilangan Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari vaqti boshqa oʻzgartirilmaydi. Bu haqda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi maʼlum qildi.

Foto: DW

XOQ rasmiy sayti xabarida keltirilishicha, Yaponiya hukumati nufuzli musobaqani yana bir bor boshqa muddatga qoldirmaslikka qaror qilishgan. Osiyoliklar rahbariyati pandemiyaning butun jahon boʻyicha 2020-yilning oxiriga bartaraf etilishiga va keyingi yildan vaziyat toʻla barqaror holatga kelishiga ishonmoqda.

Shuningdek, musobaqaning oʻtkazilishi jarayoniga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrib, barcha xavfsizlik choralari ishlab chiqiladi. Agar Olimpiya oʻyinlari koʻrsatilgan muddat ichida oʻtkazilmaydigan boʻlsa, Yaponiyaning nufuziga ham taʼsir koʻrsatadi deb hisoblashmoqda hukumat vakillari.

Eslatib oʻtamiz, Olimpiya oʻyinlaridan tashqari nufuzli musobaqada ishtirok etish uchun yoʻllanma beruvchi litsenzion turnirlar ham qoldirilgan edi. Ayni paytda XOQ tomonidan bu turnirlarning qayta tiklanishi yoki qay holatda oʻtkazilishi boʻyicha aniq taklif bildirilmadi.