Agentlik axborot xizmati ma’lum qilishicha, ayrim telegram kanallarida “Moskva muhandislik fizikasi instituti” milliy tadqiqot yadro (MIFI) universiteti talabalari tomonidan imzolangan shartnomalar “O‘zAtom” agentligi tomonidan yashirincha o‘zgartirilgan” mazumnida tarqalgan ma’lumotlar haqiqatga ziddir.

Foto: Uznews

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Rossiyaning “Rossotrudnichestvo” agentligi bilan hamkorlikda “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan ajratilgan qabul kvotalariga o‘zbekistonlik talabalar saralab olinib, MIFI universitetiga o‘qishga qabul qilib kelinmoqda.

Hozirgi kunda ushbu universitetda tahsil olayotgan 145 nafar talabalardan 102 nafari bilan ixtiyoriy ravishda 4 tomonlama shartnomalar imzolangan. Ushbu shartnomalar shartlariga muvofiq, talabalarning Rossiyada tahsil olishlari uchun har oylik moddiy qo‘llab-quvvatlash, yilda bir marotaba Moskva shahriga borish va qaytish yo‘nalishlari bo‘yicha aviachiptalar va yillik tibbiy sug‘urta xarid qilish, qulay sharoitga ega yotoqxonalarda turish mablag‘larini qoplab berish, shuningdek, o‘qishni yakunlab, “O‘zatom” agentligi tizimida kamida 5 yil ishlab berish nazarda tutilgan.

Joriy yilning yanvar oyida talabalarning o‘qishni yakunlab mamlakatga qaytib kelish kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida tasdiqlangan shartnomaga qo‘shimcha ravishda ishlab chiqilgan kelishuvni imzolash yuzasidan “O‘zatom” agentligi rahbariyati MIFI universiteti talabalari bilan videouchrashuv o‘tkazdi.

Ushbu uchrashuvda shartnomaning qo‘shimcha kelushuvida keltirilgan shartlar yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh va tushuntirishlar berildi hamda shartlar mazmun-mohiyati puxta ochib berilishi natijasida barcha talabalar bilan qo‘shimcha kelishuvlar imzolandi. Shartnoma tomonlari bo‘lmish talaba, uning kafili, MIFI universiteti va “O‘zatom” agentligi o‘rtasida imzolangan barcha shartnomalar va ularning kelishuvlari nafaqat “O‘zatom” agentligi, balki MIFI universitetining yuridik ekspertizasidan o‘tkazilgan. Hozirda, MIFI universitetida tahsil olayotgan va shartnomaviy munosabatlarga ega 94 nafar talaba belgilangan tartibda “O‘zatom” agentligi tomonidan moddiy qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda.