Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-apreldagi 264-son qarori bilan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investisiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2005-yil 2-avgustdagi 180-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi yuristkonsulti xabar berdi.

Foto: Dunyo

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga o‘zgartirilganligi munosabati bilan tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.

Shuningdek, qarorga kiritilgan o‘zgartirishga asosan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan chet el investori o‘rtasida investisiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tuziladigan namunaviy investitsiya shartnomasi tasdiqlandi.

Bundan tashqari, qaror bilan tasdiqlangan Nizomga asosan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadigan davlat tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda xizmat ko‘rsatuvchi banklar investor tomonidan kafolat qo‘llanishi to‘g‘risida xabardor qilinadigan vakolatli organlar etib belgilandi.

Shu bilan birga, chet ellik investorning kafolatni qo‘llash to‘g‘risidagi xabarnomasi chet ellik investorga nisbatan vakolatli organ tomonidan investitsiya kiritgan sanasida amal qilgan qonun hujjati qo‘llanishi uchun asos hisoblanishi hamda xabarnoma, vakolatli organga yuborilishi sanasidan qat’iy nazar, investisiya kiritish shartlarini yomonlashtiradigan qonun hujjati kuchga kirgan paytdan boshlab amal qilishi ko‘rsatib o‘tildi.