Pandemiya sharoitida xorijda og‘ir ahvolga tushib qolgan migrantlarga yordam berish maqsadida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida #BIRGAMIZ loyihasi ishga tushirildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faol blogerlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘ygan ushbu loyihaga ko‘pchilik faol va xayriyachi yurtdoshlarimiz qiziqish bildirmoqda va qo‘llab-quvvatlamoqda.

Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, BAA va boshqa mamlakatlarda ish bilan band bo‘lgan, pandemiya oqibatida esa qiyin ahvolga tushib qolgan 700 dan ortiq yurtdoshlarimiz qisqa vaqt mobaynida murojaat qilgan va bugungi kunga qadar ularning 300 ga yaqiniga oziq-ovqat mahsulotlari, yordam pullari taqdim etildi.

Fuqarolarga qulaylik yaratish va jarayonlarning tezkorligini ta’minlash uchun loyihaning www.birgamiz.com sayti ishga tushirilgan, murojaatlarni elektron qabul qilish, koll markaz xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.