Amerikadagi Jonson & Jonson farmatsevtika kompaniyasi 2021-yilda koronavirusga qarshi bir milliard dona vaksina ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya direktori Pol Stoffels ma’lum qilgan.

Foto: Uzreport

Uning aytishicha, vaksina ishlab chiqarish joriy yilning oxiriga qadar boshlanishi kutilmoqda. Jonson & Jonson vaksina ishlab chiqarish uchun bir milliard dollar mablag‘ ajratadi.

Biroz vaqt muqaddam Vashington shtatidagi Sietl shahrida sog‘lom odam — 44 yoshli Jennifer Xaller koronavirusga qarshi vaksina bilan emlangan edi. 11 aprelda Rossiyada «Vektor» xodimi Aleksey Kabanovga sinov tariqasida vaksina yuborilgan.

6-may sanasida esa italiyalik olimlar koronavirusni zararsizlantira oladigan vaksina topgani xabar qilindi. Uning samaradorligi tajriba sichqonlarida sinab ko‘rilgan. Odamda sinab ko‘rish ishlari esa 2020-yilning kuzida boshlanishi kutilmoqda.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 4 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 280 ming nafari vafot etgan, 1,3 milliondan ortig’i infeksiyadan davolangan.