Moskva yaqinidagi Krasnogorsk shahridagi xususiy kasalxonada yuz bergan yong’in natijasida o’n kishi halok bo’ldi, deb xabar berdi “RIA Novosti” shahar okrugi boshlig’ining matbuot xizmatiga tayanib.

Foto: MK

Avvalroq, nashr 9 ta qurbon haqida xabar bergan, “TASS” nashri yangi tarqatgan xabarga ko’ra qurbonlar soni 10 taga yetgan.

Moskva viloyati Favqulodda vaziyatlar vazirligi bosh ofisida xabar berilishicha, yong’in haqida ma’lumot yakshanba kuni kechqurun kelgan. O’t o’chiruvchilar kelgan paytda binoning ikkinchi qavati yonayotgan bo’lgan. Bugun mahalliy vaqt bilan soat 0:32 (Toshkent vaqti bilan 02:32)da qutqaruvchilar ochiq yong’inni bartaraf etishga muvaffaq bo’lishgan.

O’t o’chiruvchilar kelishidan oldin sakkiz kishi binoni mustaqil ravishda tark etishgan, yana to’qqiztasini tez yordam xizmati olib ketgan. Shu bilan birga, Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lumotlariga ko’ra, yong’in paytida 18 nafar “yotgan” bemor kasalxonada qolgan.

Rossiya Tergov qo’mitasining Moskva viloyatidagi bosh tergov bo’limining tergovchilari va sud ekspertlari voqea joyiga jo’nashdi. “RIA Novosti”ning Krasnogorsk tumani ma’muriyatiga tayanib ta’kidlashicha, bu yerda kasalxona faoliyat yuritish uchun ruxsatnomasi yo’q bo’lgan, shu manzilda esa oddiy turar-joy binosi ro’yxatga olingan. Rasmiylar vaziyatni keyinroq yana tushuntirishadi, deyiladi xabarda.

Hozircha boshqa ma’lumotlar ochiqlanmagan.