Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik doirasida mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda umumiy og‘irligi 34 tonna bo‘lgan insonparvarlik yuki shakllantirildi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 13-aprel kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida erishilgan kelishuvlar doirasida tashkil etilgan mazkur ko‘makning og‘irligi 6,2 tonna bo‘lgan birinchi qismi mamlakatimizga 26 aprel kuni olib kelingan edi.

10-may kuni bortida umumiy qiymati 192 ming dollarga yaqin tibbiy vositalar shaklidagi navbatdagi insonparvarlik yuki ortilgan “Uzbekistan Airways” kompaniyasining charter samolyoti Toshkentga yetib keldi.

Mamlakatimizda COVID-19 keng tarqalishining oldini olishga maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Seuldagi elchixonasi tomonidan jalb qilingan hamkor mamlakat insonparvarlik yordamining umumiy og‘irligi 8 tonnaga yaqin.

Qimmatli yuk tarkibiga avtomatik boshqariladigan ko‘p funksiyali tibbiy karavotlar, antiseptik va dezinfeksiya vositalari, tibbiy niqoblar, inson immun tizimini mustahkamlashga xizmat qiladigan ozuqaviy qo‘shimchalar kiritilgan.

Insonparvarlik yordami Janubiy Koreyaning “BOMI Engineering”, “LH Corporation”, “Evergreen Motors”, “Infinity Co., Ltd.” kompaniyalari, Shinxan universiteti hamda ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar va o‘zbekistonlik talabalar tomonidan taqdim etildi.

Yuk Koreya Respublikasining Incheon xalqaro aeroportida shakllantirildi. Shu yerda O‘zbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi elchixonasi mas’ullari bilan Koryo universiteti professori, anesteziolog-reanimatolog Yun Sin Ju o‘rtasida muloqot tashkil qilindi. Janubiy Koreyalik shifokor mamlakatimizda epidemiya bilan bog‘liq vaziyatni nazorat qilish faoliyatini xalqaro talablar asosida olib borilishini ta’minlashda ko‘maklashish maqsadida joriy yil 26 aprel – 10 may kunlari mamlakatimizda bo‘lib qaytgan.

Yun Sin Ju Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda pandemiya oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida ko‘rilayotgan keng ko‘lamli amaliy chora-tadbirlarga yuqori baho berdi.

Tibbiy anjom va vositalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirildi. Ular mamlakatimizda karantin tadbirlarini tashkil etish, kasalliklarni aniqlash va davolash, reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirishda qo‘llaniladi.

Qayd etish joiz, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida yuz bergan vaziyat nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro hamjamiyat va xorijdagi vatandoshlar tomonidan katta qayg‘u bilan qarshi olindi. Ushbu ofatdan zarar ko‘rgan oilalarga yordam ko‘rsatishda Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyati olib borayotgan yurtdoshlarimiz faol ishtirok etmoqda. Xususan, joriy yilning 4 may kuni elchixonamiz ko‘magida, vatandoshlar tashabbusi bilan 18 ming 500 dollardan ziyod mablag‘ yig‘ilib, suv toshqinidan jabr ko‘rgan oilalarga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida “Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasi hisob raqamiga o‘tkazib berilgandi.

Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar ushbu xayrli aksiyani davom ettirib, shu kunlarda 26 ming dollardan ziyod mablag‘ni jamlashga muvaffaq bo‘ldi. Bu ko‘mak ham “Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasiga o‘tkazib beriladi.