Ikkinchi jahon urushi davridagi matonatli ayollar timsoliga aylangan Zulfiya Zokirovaning hayot yo‘li, oilasi va avlodlari haqida kitob yoziladi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov Zulfiya aya xonadoniga tashrifi davomida ma’lum qildi, deb yozmoqda hokimlik Axborot xizmati.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Xabar qilinishicha, bugun Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov boshchiligida sektor rahbarlari Zangiota tumani Xonobod qishlog‘i “Qushbegi” mahallasida, Zulfiya aya Zokirova yashagan xonadonda bo‘lgan.

Viloyat hokimi Rustam Xolmatov buyuk jasorat va matonat sohibasi yashagan muhitni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi bo‘lgan mehmonlar tashrifi uchun uy asl holatda saqlanishi, kelgusida uni uy-muzeyga aylantirish yuzasidan birlamchi ishlarni amalga oshirishga ko‘rsatma bergan.

Eslatib o‘tamiz, “Gʻalaba bog‘i”da Zulfiya Zokirova timsolida o‘zbek onalarining sabr-bardoshi, matonati mujassam bo‘lgan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi o‘rnatildi.

Shuningdek, “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga ko‘ra “Ezgu film” kinostudiyasi tomonidan “Ilhaq” badiiy filmi tasvirga olindi va  film tomoshabinlar tomonidan ijobiy baholanmoqda.