Poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 10 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 4 nafar, jami 14 koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar bermqoda.

Foto: Andijon viloyat hokimligi axborot xizmati

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan sog‘ayganlarning 8 nafari Toshkent shahridan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijon viloyatidan 1 nafardan. Ulardan 8 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Qolgan 2 nafari Rossiyadan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Bemorlardan 6 nafari erkak, 4 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 49 yoshda bo‘lsa, eng yoshi shu yil tug‘ilgan chaqaloq.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning barchasi erkak bo‘lib, 2 nafari Rossiyadan, 1 nafari Qozog‘istondan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 1 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Toshkent, Namangan, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 78 yoshli otaxon bo‘lsa, eng yoshi kichigi 22 yoshda.

Hozirda mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 1870 nafarni tashkil etmoqda.