Italiyadagi diplomatik vakolatxonamiz O‘zbekistonga dori-darmon, tibbiy buyumlar, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari shaklidagi yuklarni yetkazib berishni tashkil etish maqsadida Italiyaning “Sicon” kompaniyasi va uning bosh kompaniyasi “CCC Group” rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Dunyo

Muzokaralar natijasida “CCC Group” pandemiya oqibatlariga qarshi kurash uchun zarur tibbiy niqoblar, dezinfeksiyalash vositalarini sotib olish uchun O‘zbekistonga 100 ming AQSH dollari miqdorida bepul moliyaviy yordam yubordi.

“CCC Group” kompaniyasining O‘zbekiston, Qozog‘iston va MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy boshqaruvchi direktori Xisham Kavashning so‘zlariga ko‘ra, tashkil etilgan mazkur aksiya Italiya korxonasining koronavirusga qarshi kurashda O‘zbekiston rahbariyati saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini anglatadi.

X.Kavashning qayd etishicha, kompaniya o‘z tamoyillariga binoan xorijiy mamlakatlarda loyihalarni amalga oshirish mahalliy aholiga grant yordamini ko‘rsatadi, shuningdek, tegishli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga hissa qo‘shadi.

“CCC Group” 1952-yilda tashkil etilgan. O‘tgan davr mobaynida u 120 mingdan ortiq xodimga ega bo‘lgan Yaqin Sharqdagi eng yirik qurilish korporatsiyasiga aylandi. Shuningdek, dunyodagi ko‘p tarmoqli kompaniyalar ro‘yxatida 17-o‘rinni egalladi. «CCC Group» Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrika qitʼasidagi 40 mamlakatda faoliyat yuritadi.

“CCC Group” O‘zbekiston bilan hamkorlikni xalqaro faoliyatini kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri, deb biladi.

Hozirgi vaqtda ushbu guruh Fransiyaning “SUEZ” kompaniyasi bilan birgalikda Samarqandda yo‘l va suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha ijtimoiy ahamiyatga ega loyihani amalga oshirishda ishtirok etmoqda.

Konsorsiumning ish tamoyili mahalliy pudratchilar bilan doimiy ravishda treninglar o‘tkazish va infratuzilmani qurish sohasida ilg‘or nou-xaularni o‘rgatishdan iboratdir.

Loyihani Samarqand viloyatida amalga oshirish viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish va mahalliy qurilish kompaniyalarining malakali ish darajasini oshirishda muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Shu bilan birga, “CCC Group” kompaniyasi o‘zining keng ixtisoslashuviga asoslanib, O‘zbekistonda boshqa yirik infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdor.