Jahon banki ishtirokida “O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga shoshilinch choralar ko‘rish” loyihasi amalga oshiriladi. Prezidentning bu boradagi tegishli qarori loyihasi muhokamaga e’lon qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hujjat loyihasiga ko‘ra, Jahon banki tomonidan «O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga shoshilinch choralar ko‘rish» loyihasini amalga oshirish uchun 30 yil muddatga 5 yillik imtiyozli davri bilan jami 95,0 million AQSh dollari miqdoridagi qarz mablag‘larini ajratish ma’qullangan.

Ta’kidlanishicha, loyiha O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, karantin tadbirlari amal qilishi davrida kam ta’minlangan oilalar va ishsizlarga vaqtinchalik nafaqalar berish tizimini kengaytirishni ko‘zda tutadi.

Xususan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga loyiha doirasidagi mablag‘lar hisobidan ishsizlik bo‘yicha bir martalik nafaqalarni manzilli ajratilishini ta’minlash vazifasi yuklatilmoqda.

Qaror loyihasi bilan tanishish, fikr va mulohazalarni bildirish joriy oyning 22 sanasiga qadar davom etadi.