O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ayni vaqtdagi vaziyat haqida ma’lumot berdi.

Foto: Xalq so’zi

Jon Xopkins universiteti (AQSh) ma’lumotiga ko‘ra,187 davlatda 4 million 100 mingdan ortiq holatda koronavirus kasalligi qayd etilgan. 1 million 441 mingdan ziyod fuqaro sog‘aygan, 280 mingdan ko‘p bemor vafot etgan. Kasallanish ko‘rsatkichi AQShda yuqori darajada saqlanib turibdi. Oxirgi bir kunda bu mamlakatda 25 mingdan ziyod fuqaro koronavirus bilan ro‘yxatga olingan bo‘lib, umumiy kasallanganlar soni 1 million 347 mingdan ziyodni tashkil etmoqda. Rossiyada virusga chalinganlar soni 198 mingdan ortib ketdi.

O‘zbekistonda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus bilan 2387 fuqaro ro‘yxatga olingan. Kasallanganlarni davolashda ijobiy natijalar qayd etilyapti. 9 may kuni yana 71 fuqaro to‘liq sog‘aygan va reabilitasiya markazlariga o‘tkazilgan. Ayni paytga qadar 1846 nafar, ya’ni 79 foiz bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda davolanayotgan 531 bemordan 7 nafarining ahvoli og‘ir, 5 nafarida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilyapti.

Hurmatli yurtdoshlar!

Hozirgi vaqtda 42 mingdan ortiqroq fuqaro karantinda bo‘lib turibdi. Ular orasida kasallik yo‘qligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shunday ekan, har birimiz karantin tadbirlariga rioya etishimiz kerak. Oilamizni, o‘zimizni kasallikka chalinishdan ehtiyot qiladigan bo‘lsak, butun jamiyatni xavfdan saqlagan bo‘lamiz. Karantin tadbirlariga to‘liq rioya eting va hech qanday ko‘rsatma bo‘lmagunicha o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ymang, – dedi Nurmat Otabekov