Koronavirusni yuqtirish holati Xitoyning Uxan shahrida tasdiqlandi. U yerda uzoq vaqtdan beri COVID-19 bilan kasallanish qayd etilmayotgan edi, deya xabar berdi Xubey provinsiyasi sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mita vakillari.

Foto: Google

Kasallikni yuqtirgan bemor og‘ir ahvolda.

O‘tgan bir kecha-kunduzda Xubeyda yana 17 ta alomatsiz virus tashuvchisi aniqlangan. Ayni vaqtda provinsiya bo‘ylab 616 nafar alomatsiz virus tashuvchisi shifokorlar nazoratida.

Epidemiya davrida Xubeyda 68 129 ta kasallik holati qayd etilgan (50 334 tasi Uxanda), 63 616 kishi sog‘aygan (46 464 tasi Uxanda), 4 512 nafari vafot etgan (3 869 tasi Uxanda).

Avvalroq XXR sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha davlat qo‘mitasi Xitoyda o‘tgan bir kecha-kunduzda koronavirusga chalingan 14 ta yangi holat va 20 ta alomatsiz tashuvchisi qayd etilgani, 74 nafar bemor tuzalgani, o‘lim kuzatilmaganini ma’lum qilgandi.

Xitoy hukumati alomatsiz tashuvchilarini ro‘yxatga kiritmayapti: ularda nukleinli virusli kislotaga test musbat chiqqan, lekin kasallik alomatlari yo‘q. Qachonki alomatlari paydo bo‘lsa, xastalik tasdiqlanganlar umumiy statistikasiga kiritiladi. Uxanda COVID-19 alomatlari paydo bo‘la boshlagan bemor alomatsiz tashuvchi bo‘lgan-bo‘lmaganligi aytilmagan. Biroq provinsiya bo‘ylab ayni vaqtda bitta tasdiqlangan holat mavjud, u ham bo‘lsa Uxanda.

Dunyo bo‘yicha koronavirus tarqalishini mustaqil hisob-kitob qilib borayotgan Amerikaning Jon Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda jami 83990 kishi koronavirusga chalingan. Ulardan 79127 nafari tuzalgan. 4637 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Ayni vaqtda 226 nafar bemor davolanmoqda.