Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti may oyining oxirigacha odamlarga o‘zida koronavirus infeksiyasi bor yoki yo‘qligini aniqlashga yordam bera oladigan maxsus mobil ilova taqdim etadi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.

Foto: O’zA

Ilovada odamlar o‘zlarida kuzatilayotgan koronavirus bilan bog‘liq alomatlar to‘g‘isida savol berib, ularga javob olishlari mumkin bo‘ladi. Dastur foydalanuvchisi yashab turgan mamlakatga qarab, u qayerdan va qay tarzda koronavirusga test tahlili topshirishi mumkin ekanligi haqida ma’lumot beradi.

JSST vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Bluetooth dasturi orqali kasallanganlar bilan muloqotga kirishgan shaxslarni aniqlash tizimini o‘rnatish ham nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, istalgan mamlakat hukumati ushbu dastur asosida o‘zlarining shaxsiy ilovalarini ishlab chiqishlari mumkin bo‘ladi.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 4 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 270 ming nafari vafot etgan, 1,2 milliondan ortig’i infeksiyadan davolangan.