2020-yil 1-may kuni Sardoba suv omborida yuz bergan toshqindan jabr ko‘rgan fuqarolarga butun o‘zbek xalqi yordamga oshiqdi. Lekin ushbu ofatni niqob qilib qo‘shtirnoq ichida saxovat pesha fuqarolarimiz ham topilmoqda. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Gazeta

Sirdaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan joriy yilning 8-may kuni suv toshqini oqibatlarini o‘rganish va norasmiy manbalar tomonidan asoslantirilmagan ma’lumotlarning tarqatilishini aniqlash bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida «Diqqat xayriya – Sardobada uy quramiz» deb fuqaro D.J nomiga «Davrbank»dan ochilgan plastik kartasiga 2020-yilning 2-may kunidan 8-may kuniga qadar 41 679 708 (qirq bir million olti yuz yetmish to‘qqiz ming yetti yuz sakkiz) so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari yig‘ilganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat bo‘yicha surishturuv ishlari olib borilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar! Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda asoslantirilmagan ma’lumotlar orqali hayriya qiling, uy quramiz, yordam beramiz deb bong urayotgan ayrim firibgarlarga ishonib qolmang”, deyiladi xabarda.