Avstraliya Bosh vaziri Skott Morrisonning taʼkidlashicha, hukumat koronavirus pandemiyasi sabab oʻrnatilgan cheklovlarni iyulga qadar uch bosqichda bekor qiladi. Har bir bosqich toʻrt hafta muddatga moʻljallangan.

Foto: Iz RU

Birinchi bosqichda restoranlar, kafelar, doʻkonlar, kutubxonalar, jamoat markazlari, oʻyin maydonchalari va oʻquv lagerlari ochiladi, 10 kishigacha jamoat joylarida toʻplanishiga ruxsat beriladi.

Taʼkidlanishicha, birinchi bosqichda kafe va restoranlarda 10 kishidan ortiq odam boʻlmasligi kerak.

Karantindan chiqish dasturining ikkinchi bosqichida 20 kishiga moʻljallangan uchrashuvlarga ruxsat beriladi, yaʼni sport zallari, goʻzallik salonlari, kinoteatrlar, galereyalar va istirohat bogʻlari ochiladi. Davlatlararo sayohatlarga ham ruxsat beriladi.

Uchinchi bosqich esa birinchi va ikkinchi bosqichning ijobiy yakunlanishiga qarab rejalashtiriladi.

Qayd etilishicha, mart oyidayoq mamlakatda ijtimoiy cheklovlar oʻrnatilgani sabab koronavirusning tarqalish dinamikasi ancha pasaygan. Ayni paytda kuniga 20 tadan kamroq yangi holat qayd etilmoqda.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Avstraliyada 6927 kishi koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan, 97 nafar bemor vafot etgan, 6124 kishi sogʻaygan.