Dunyodagi eng ommabop ijtimoiy tarmoq va bir nechta messenjer servislariga egalik qiluvchi Facebook kompaniyasi bepul internetni yo‘lga qo‘ydi. Mazkur loyiha doirasida hozircha sinov tariqasida faqat Peru foydalanuvchilariga saytlarga tekin kirish imkoni berilmoqda.

Foto: Sof

Facebook bunda Peru davlatidagi Bitel, Claro, Entel hamda Movistar uyali aloqa operatorlari bilan hamkorlik qilmoqda. Discover dasturi doirasida foydalanuvchiga bepul asosda kuniga 10 megabayt trafik taqdim etiladi.

Discover bepul internetidan foydalanish uchun foydalanuvchilar maxsus mobil ilova yoki o‘z smartfonlaridagi brauzer yordamida, mobil internet orqali tarmoqqa ulanishlari kerak. Bunda saytlardagi rasmlar, videolar va boshqa “og‘ir” kontent aks etmaydi, balki faqat matnlar ochiladi.

Facebook yaqin orada aholisining daromadi past bo‘lgan yana bir nechta mamlakatda ushbu dasturini yo‘lga qo‘ymoqchi. Rejaga ko‘ra, bunda foydalanuvchiga har kuni 20 megabayt hajmida trafik taqdim etiladi. Lekin mobil aloqa operatorlari mazkur limit hajmini oshirishlari, shuningdek, ayrim turdagi kontentlarning ochilishini cheklashlari mumkin bo‘ladi.

Aytish kerakki, Facebook kompaniyasi aholisi kambag‘al mamlakatlarga bepul internet taqdim etish bo‘yicha internet.org va Express WiFi kabi yana bir nechta loyihalarga qo‘l urgan. Bundan tashqari, u o‘z ilovalarining trafikni hamda smartfon resurslarini kam talab qiluvchi “yengil” versiyalarini (Facebook Lite, Messenger Lite kabi) ham chiqargan.