Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning buyuk G‘alabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimida nutq so‘zladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident avvalgi chiqishlarida el-yurtimizning buyuk G‘alabaga qo‘shgan hissasi hali to‘liq o‘rganilmagani haqida gapirib, jamoatchiligimiz e’tiborini shu masalaga qaratganini eslab o‘tdi.

“Bugun mamnuniyat bilan aytmoqchimanki, keyingi yillarda ushbu yo‘nalishda juda katta ishlarni amalga oshirdik.

Avvalo, ilgari yopiq bo‘lgan arxiv hujjatlarini, ilmiy jamoatchilik uchun ma’lum bo‘lmagan materiallarni o‘rganish uchun imkoniyat yaratildi. Bu borada sobiq Ittifoq respublikalari va chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar va fondlar, tarixchi olimlar va mutaxassislar, keng jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaytirildi.

Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o‘rganishda tom ma’noda yangi davr boshlandi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor. Masalan, shu vaqtga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanar edi.

Yangi topilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Demak, har uch nafar o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan.

Ayovsiz janglarda mardona qatnashgan qariyb 451 ming nafar yurtdoshimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar mobaynida e’tibordan chetda qolib kelganini albatta adolatdan, deb bo‘lmaydi.

Shuningdek, o‘sha davrda “quloq” sifatida boshqa o‘lkalarga surgun qilingan 59 mingdan ortiq vatandoshimiz ham harakatdagi armiyaga safarbar etilgani ma’lum bo‘ldi.

Shu borada yana ba’zi raqamlarni keltirmoqchiman: ilgari 396 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi urushda halok bo‘lgan, deb aytilardi. Aslida bu raqam 538 mingdan ziyod bo‘lgan.

Bundan tashqari, frontda bedarak yo‘qolganlar haqidagi ma’lumotlar ham to‘liq emasdi. Hozirgi vaqtda 158 mingdan ko‘proq hamyurtimiz urushda bedarak ketgani aniqlandi.

Mana, dahshatli urushda xalqimiz qanday og‘ir yo‘qotish va talafotlar bergan, qanday azob-uqubatlarni boshidan kechirgan!

Olib borilgan ilmiy izlanishlar tufayli jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan O‘zbekiston vakillarining soni bo‘yicha ham oydinlik kiritildi. Shu paytga qadar bu ko‘rsatkich 120 ming nafar deb qayd etilardi.

Yangi ma’lumotlarga asosan 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi. Jumladan, ilgari 280 nafar deb hisoblab kelingan o‘zbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlarining soni 301 ta ekani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi Slava ordeniga sazovor bo‘lgani hujjatlar orqali o‘z tasdig‘ini topdi.

Men mana shunday bebaho haqiqatni yuzaga chiqarib, adolatni qaror toptirishga katta hissa qo‘shgan tarixchi olimlarimizga, ilmiy va ijodkor ziyolilarimizga katta rahmatlar aytaman. Ayni vaqtda ularni bu boradagi izlanishlarni davom ettirishga, mana shu G‘alaba bog‘idagi “Shon-sharaf” muzeyini doimiy ravishda yangi ma’lumotlar bilan boyitib borishga da’vat etaman,” — dedi prezident.