Dengiz yoki basseynda cho‘milganda, SPA-salonlarida muolaja olganda koronavirusdan zararlanish ehtimoli juda kam ekan. Ispaniya Ilmiy tadqiqotlar oliy kengashi (CSIC) olimlari shunday xulosaga kelishdi.

Foto: RIA Novosti

Izlanuvchilarning qayd etishicha, dengiz suvi tarkibidagi tuzlar eruvchanlik bilan birgalikda virus faollashuviga zid keladigan xususiyatga ham ega ekan. Bundan tashqari sun’iy suv havzalari, ya’ni basseynlar va SPA-salonlarda virus faoliyatini susaytirishga xizmat qiladigan dezinfeksiya vositalari keng qo‘llanadi. Qolaversa, saunalar, bug‘li hammomlarda doimiy havo harorati zararkunandalarni halok qiladigan me’yorda, ya’ni +60 darajadan yuqori bo‘ladi.

Binobarin, daryolar, ko‘llar, chuchuk va qayta ishlanmagan suvli havzalarda virusning yashovchanlik darajasi yuqori bo‘ladi. Demak, aynan shunday joylarga borganda barcha zarur ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘ygan ma’qul.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, koronavirus yuqishi xavfi quruqlikda, ya’ni qumli plyaj yoki suv havzasi qirg‘og‘ida nisbatan ko‘proq. Shu bilan birga, tadqiqot mualliflari dengiz suvi tarkibidagi tuzlar va quyoshning ul’tra binafsha nuri hamda yuqori darajagacha qizigan qumning uyg‘unlashgan ta’siri ham virus faolligini sezilarli ravishda kamaytirishi mumkinligini taxmin qilishgan.