Poytaxtimizdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 1 nafar, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 6 nafar hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida 6 nafar, jami 13 nafar bemor butunlay sog‘aydi va reabilitatsiya kuzatildi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: SSV axborot xizmati

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalgan 27 yoshli erkak Qoraqalpog‘iston Respublikasidan bo‘lib, Qozog‘iston orqali yurtimizga kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 4 nafari erkak, 2 nafari ayol bo‘lib, 1 nafari Rossiyadan, 2 nafari Qozog‘istondan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 3 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Toshkent shahridan 2 nafar, Qozog‘iston Respublikasi, Xorazm, Toshkent va Namangan viloyatlaridan 1 nafardan. Bemorlar orasida eng yoshi kattasi 43 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 18 yoshda.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida shifo topganlarning barchasi Toshkent shahridan bo‘lib, 2 nafari Rossiyadan, 1 nafari esa Turkiyadan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 3 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Ularning 4 nafari erkak, 2 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 45 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 18 yoshda.

Ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 1803 nafarga yetdi.