Jizzax viloyati Zarbdor tumanida ikki nafar fermer o‘z xo‘jaligidagi bir necha yuz tup tutni noqonuniy kesgan.

Foto: Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Jizzax IIB xabariga ko‘ra, tumandagi “Zafarbek Javlonbek dalasi” fermer xo‘jaligi raisi, 1993 yilda tug‘ilgan F.M. “kasallandi” degan izoh bilan o‘z xo‘jaligidagi 402 tup tutni nobud qilgan.

Tuman ekologiya bo‘limi nobud qilingan daraxtlarning 260 tupi hech qanday kasallikka chalinmaganini bildirdi. Mutaxassislar o‘simlik dunyosiga 106 million 415 ming 600 so‘mlik zarar yetkazilganligini aytishdi. 

Tumandagi “Ruslan Nodirbek dalasi” fermer xo‘jaligi raisi, 1995-yilda tug‘ilgan R.Ya. ham 680 tup tutni noqonuniy kesgan. Ushbu daraxtlarning 416 tupi kasallanmaganligi aniqlandi. Fermer yetkazgan zarar miqdori 149 million 856 ming 600 so‘mni tashkil qilgan.

“Holatlar yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi“, – deyiladi xabarda.