Karantin talablaridan kelib chiqqan holda joriy yilning may oyidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida istiqomat qiluvchi pensiya va nafaqa oluvchilarga pensiya pullari to‘liq plastik kartalar orqali to‘lab berish yo‘lga qo‘yildi.

plastik karta humo carta humo
Foto: Darakchi

Ushbu vazifani o‘z vaqtida amalga oshirish uchun Xalq bankining 5 mingdan ziyod xodimlari dam olish kunlarisiz, kuchaytirilgan tartibda mehnat qildilar. Qisqa muddatda jami 619 ming, ya’ni 377 mingdan ortiq “Humo” va 242 mingdan ziyod “Uzcard” plastik kartalari ochilib, pensiya va nafaqa oluvchilarga yetkazib berildi.

Shuningdek, 2020-yil 6-may kuniga qadar 1,4 trln. so‘m miqdoridagi pensiya va nafaqa pullari ularning plastik kartalariga to‘liq tushirib berildi.

So‘ngi uch kun davomida “Humo” plastik kartalaridan naqd pul yechish tranzaksiya operasiyalari hajmining keskin ortib ketishi natijasida “Humo” to‘lov tizimida davomiy uzilishlarni yuzaga keltirdi.

Natijada “Humo” plastik kartasi olgan pensioner va nafaqa oluvchilarning o‘z mablag‘laridan erkin foydalanishini cheklandi. Bu esa, keksalarimizning jiddiy noroziligiga sabab bo‘lmoqda. 

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda AT Xalq banki shuni ma’lum qiladiki, bank xodimlari tomonidan pensiya va nafaqa tarqatish jarayonlarini davom etirgan holda 2020 yil 20 may sanasidan boshlab pensiya va nafaqa oluvchilarning xohishiga qarab “Humo” plastik kartalari to‘liq “Uzcard” plastik kartalariga hech bir to‘lovlarsiz pensionerlarning yashash manzillarida almashtirib beriladi.

Shuni ham ma’lum qilmoqchimizki, ayni paytda Xalq banki sayyor kassa xodimlari ilgarigi belgilangan grafik asosida xonadonlarga borib, pensionerlarimizning plastik kartasidagi mablag‘larini naqdlashtirib bermoqda. 

Shu o‘rinda pensiya va nafaqa oluvchilardan Xalq banki filiallariga murojaat qilganda karantin qoidalariga amal qilishingizni hamda oraliq masofani saqlashingizni so‘rab qolamiz.

Hurmatli pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolar! Har qanday holatda ham uyda qoling, biz sizning plastigingizdagi mablag‘laringizni naqdlashtirib berish uchun xonadoningizga boramiz.

“Humo” to‘lov tizimi bilan bog‘liq yuzaga kelgan noqulayliklar uchun Xalq banki barcha pensionerlardan uzr so‘raydi va pensiya pullaringizni to‘liqligicha yetkazishni ta’minlaydi, deyiladi “Xalq bank” axborot xizmati xabarida.