Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sharoitida aholining maishiy texnika, kiyim-kechak, boshqa shu turdagi mahsulotlardan ham ko‘ra ko‘proq oziq-ovqatga bo‘lgan talabi o‘sib ketdi.

Foto: Google

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan olib borilgan monitoring va tahlil natijalariga ko‘ra, joriy yilning mart, aprel, may oylarida narx-navolar quyidagicha bo‘lmoqda:

18-mart holatiga ko‘ra tuxum mahsuloti Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida 800 so‘mdan 1000 so‘mgacha sotilgan. Namangan, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarida esa 1 dona tuxum o‘rtacha 500 so‘mdan 700 so‘mgacha baholangan. Ushbu holat aprel oyida o‘zgarishsiz qoldi. Ayni kunlarda eng qimmat narx Toshkent shahrida qayd etilgan ya’ni 1100 so‘mdan sotilmoqda.

Mol go‘shti esa Respublikamiz bozorlarida 2 oy ichida o‘rtacha 40 ming so‘mdan 60 ming so‘mgacha sotilmoqda. Shundan eng arzon sotilgan 1 kg mol go‘shti Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni 37 ming so‘m. 6 may holatiga ko‘ra eng qimmat sotilgan hudud sifatida Toshkent shahri ro‘yxatga olingan. 1 kg mol go‘shti – 66 ming so‘m. Qo‘y go‘shti esa 70 ming so‘m.

Hududlardagi bozorlarda o‘simlik yog‘ining o‘rtacha narxi 85 ming so‘mdan 13 ming so‘mgacha sotilgan. Aprel oyida esa eng yuqori ko‘rsatgich poytaxtimizda – 15 ming so‘m sotilgani qayd etildi, 6 mayda esa Toshkent shahri va viloyatida 14 ming so‘mgacha sotildi.

Respublikamiz bozorlarida guruchning eng arzon narxi 3 ming so‘m, eng yuqori narxda sotilgani 25 ming so‘mni tashkil etmoqda. Joriy yilning mart oyida olib borilgan kuzatuvlar natijasiga ko‘ra, birgina Andijon viloyatida 25 ming so‘mgacha sotilgan. Qolgan hududlarda esa o‘rtacha 14 000 va 18 000 so‘m oralig‘ida xaridorlarga taqdim etilgan.

Aprel oyiga kelib esa guruch narxi ancha arzonlashdi va 3 ming so‘mdan 17 ming so‘mgacha sotildi. Biroq 17 ming so‘m qayd etilgan hudud Farg‘ona viloyati bo‘ldi. 6 may holatiga ko‘ra, narx-navo deyarli o‘zgarishsiz saqlanib qoldi. Mazkur oyda o‘rtacha 3 ming so‘mdan nav turlariga qarab, 17 ming so‘mgacha sotildi.

Eng zaruriy poliz mahsulotlaridan biri bo‘lgan kartoshkaning mart oyidagi narxi barqarorlashganini kuzatish mumkin. Yani 1500 so‘mdan 5000 ming so‘mgacha sotildi. Aprel oyida kartoshka narxi birgina Toshkent shahri va Samarqand viloyatida 12 000 so‘mgacha sotildi. Boshqa viloyatlarda esa o‘rtacha 3500 so‘mdan 6 000 so‘mgacha narxlangan.

Hozirgi kunda esa kartoshkaning eng arzon narxi Sirdaryo viloyatida kuzatilmoqda – 2 000 so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Qashqadaryo va Xorazm hududlaridagi bozor rastalarida 3 ming so‘mdan, sifatiga qarab, 5 000 so‘mgacha sotilmoqda. Toshkent shahrida esa 9 000 so‘m, Samarqand viloyatida 12 000 so‘mga xaridlar amalga oshirilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan va koronavirusga qarshi kurash bobida katta samaraga ega deb ta’riflangan poliz ekinlaridan yana biri sarimsoq piyozdir. Ushbu mahsulot narxi mart oyida 10 ming so‘mdan 100 ming so‘mgacha sotildi.

Eng qimmat narxda baholangan hudud Jizzax viloyatidagi dehqon bozorlariga hissasiga to‘g‘ri keladi. Sarimsoq piyoz Samarqand, Qashqadaryo, Namangan, Toshkent shahri va viloyatida o‘rtacha 70 va 80 ming so‘mga sotilgan. Aprel oyida ham sarimsoq piyozga bo‘lgan talab deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyatlaridagi bozorlarda eng arzon sotilgan degan xulosaga kelindi – 10 va 20 ming so‘m atrofida. May oyida pishiqchilik mavsumi boshlanib, narxlar pastlay boshladi: 7 ming so‘mdan 80 ming so‘mgacha sotildi.

Bundan tashqari, pandemiya sababli bugungi kunda antiseptik gel, tibbiyot niqobi hamda xo‘jalik sovuniga nisbatan aholi o‘rtasida talab ortgani hisobiga quyidagi mahsulotlarning ham narx-navosi o‘rganildi.

Dorixonalarda tibbiy niqoblarning kamaygani va aholining unga nisbatan talabi keskin ortgani tufayli narxlar dinamikasi ham o‘zgarib turibdi. Mart oyi holatiga ko‘ra, tibbiy niqoblar 1000 so‘mdan 4500 so‘mgacha sotildi. Aprel oyida bu ko‘rsatgich yuqoriladi: Jizzax viloyatida 12 ming so‘mgacha sotilgan holatlari ham kuzatildi.

Respublikamizning boshqa bozor hududlarida o‘rtacha 2500 so‘mdan 10 ming so‘mgacha narxlangan bo‘lsa, may oyiga kelib bu ko‘rsatgich arzonlashib, o‘rtacha 700 so‘mdan 2000 so‘mgacha sotildi. Spirt aralashmasidan iborat antiseptik gel mart oyida 700 so‘mdan 5800 so‘mgacha ko‘tarildi. O‘tgan oyda esa 15 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha yetdi. 6 may holatiga ko‘ra, 1000 so‘mdan 10 000 so‘mgacha sotildi.

Xo‘jalik sovuni mart oyida 1500 so‘mdan 4 000 so‘mgacha sotildi. Aprel va may oylarida narxlar o‘zgarishsiz qoldi.

Hurmatli vatandoshlar!

Agarda siz oziq-ovqat maxsulotlarini mazkur ko‘rsatilgan narx-navodan ham yuqori miqdorda sotilayotganiga guvoh bo‘lsangiz O‘zbekiston istemolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga murojaat etishingiz mumkin va qonuniy choralar ko‘rilishi kafolatlanadi.