AQSh prezidenti Donald Tramp yangi koronavirus oxir-oqibat vaksinasiz yo’q bo’lib ketadi deb hisoblamoqda.

Foto: WBUR

“Bularning barchasi vaksinasiz yo’q bo’lib ketishi mumkin. Umid qilamanki, biz buni ma’lum vaqtdan keyin boshqa ko’rmaymiz”, dedi davlat rahbari juma kuni Oq uyda jurnalistlarning savollariga javob berar ekan.

“Kasallik kelgusi yilda avj olishi mumkin, ammo oxir-oqibat u yo’qoladi”, – deya qo’shimcha qildi u.

“Men shifokorlar aytgan narsaga asoslanib gapirmoqdaman. Shifokorlar (virus) yo’q bo’lib ketishini aytishmoqda. Bu kuzda yoki undan keyin degani emas”, – dedi Tramp.

Federal va mahalliy hokimiyat ma’lumotlari asosida hisob-kitoblarni amalga oshiradigan Jon Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko’ra, Qo’shma Shtatlarda shu paytgacha 1,27 milliondan ortiq yangi koronavirusni yuqtirish holatlari qayd etilgan, 76 mingdan ortiq odam infeksiya tufayli vafot etgan.