Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda fuqarolarimizni ruhan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi tashkil etilganidan xabaringiz bor. Bugungi sinovli kunlarda yurtdoshlarimiz koronavirus pandemiyasidan jabr chekkan aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida sahovat ko‘rsatishmoqda.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati

Xayrli ishdan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar ham chetda qolayotgani yo‘q. Mamlakatimiz sport jamoatchiligi ham xalqimiz boshiga musibat tushgan shu kunlarda ular bilan bir tanu bir jon ekanligini namoyish etishmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari tomonidan “O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga jami 599 120 115 (besh yuz to‘qson to‘qqiz million bir yuz yigirma ming bir yuz o‘n besh) so‘m miqdoridagi mablag‘ xayriya tarzida o‘tkazib berildi.

Sahovatli sportchi va trenerlarimiz ham mazkur aksiyada faol ishtirok etishmoqda. Bunga Mirjalol Qosimov, Odil Ahmedov, Otabek Shukurov va boshqa ko‘plab sport sohasi vakillarining koronavirus pandemiyasidan aziyat chekayotgan aholini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida ko‘rsatayotgan beg‘araz yordamlarini misol keltirish mumkin.