Koronavirus tufayli tadbiq qilingan karantin dunyo bo‘ylab davlatlarni inqiroz rejimiga solib qo‘ydi. Ular 1930-yillardan beri eng yomoni bo‘lishi kutilayotgan iqtisodiy bo‘hron zarbasini yumshatish ilinjida xarajatlarni keskin oshirdilar.

Foto: Kazinform

Xalqaro valyuta jamg‘armasiga ko‘ra, 7 aprelga kelib jahon bo‘ylab davlatlar favqulodda moliyaviy ko‘mak choralari uchun 4,5 trillion dollar ajratishgan. Oxirgi haftalarda bu ko‘rsatkich faqat o‘sib bordi.

Xo‘sh, bu choralar bir davlatdan ikkinchisiga qarab qanday farq qiladi? Bu haqda “BBC” maqolasi bilan tanishing.

Yangicha xarajat

Kolumbiya universiteti professori Jeyhun Elgin o‘z hamkasblari bilan 166ta davlatdagi moliyaviy ko‘mak choralarini kuzatib kelmoqda.

Uning hisob-kitobiga ko‘ra, eng katta chora Yaponiyada ko‘rildi – u yerdagi yordam ko‘lami mamlakat iqtisodining 20 foiziga teng bo‘ldi. Undan tepada faqat Malta turibdi, chunki Malta Yevropa Ittifoqi jamg‘armalaridan bahramand.

Ayni damda, AQShdagi xarajatlar Yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning 14 foizini, Avstraliyada – 11%, Kanadada – 8,4%, Britaniyada – 5%, Kolumbiyada – 1,5% va Gambiyada 0,6 foizni tashkil qilgan.

Ammo, agar xarajatlardan tashqari choralar, masalan, markaziy banklar ko‘rayotgan choralar ham hisobga olinsa, bu tartib biroz boshqacha tus oladi.

Yevropaning eng katta davlatlarida, misol uchun, karantin tufayli jabr chekkan bizneslarga banklar tomonidan yangi kreditlar berilishini kafolatlash koronavirusga qarshi iqtisodiy choralarning eng katta qismi bo‘ldi.

Amerikaning Markaziy banki ham o‘xshash maqsadlar bilan shu kabi kredit dasturlarini ko‘paytirdi.

Mana shu omillar ham hisobga olinsa, Fransiya birinchi o‘ringa, Britaniya esa 47-o‘rindan beshinchi o‘ringa chiqadi.

Professor Elginning aytishicha, eng yirik moliyaviy ko‘mak choralari boyroq, keksaroq, hamda kasalxona karavotlari kamroq bo‘lgan davlatlarda ko‘rildi. Undan tashqari, AQSh va Yaponiya kabi davlatlar yangi xarajatlarni moliyalashga unchalik qiynalishmaydi, chunki investorlar orasida ularning bondlarini sotib olishga ishtiyoq yuqori bo‘lib qolmoqda, bu esa ular uchun qarz olish qimmatga tushmasligini anglatadi.

Ammo, ayni damda, Professor Elginga ko‘ra, katta degani har doim ham samarali degani emas. Davlatlar bu xarajatlarni amalga oshirishning turlicha usullarini tanlaganlar.

«Bu ko‘mak paketlari tarkiblari turlicha ikkilamchi foydaga yetaklashi mumkin va bu turlicha oqibatlarga yetaklaydi», deydi u.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining moliyaviy masalalar bo‘yicha bo‘limi direktori muovini Paolo Mauroning aytishicha, kompaniyalarga ko‘mak berishga qaratilgan choralar asosan «iqtisodi rivojlangan davlatlar»da kuzatiladi. Bu moliyaviy ko‘maklar miqdori yirik bo‘lsa-da, ular risk jihatidan odatda kichik riskli bo‘ladi, chunki aksar kompaniyalar qarzni o‘z vaqtida qaytarishga qodir bo‘ladi.

Ammo, ba’zi kambag‘alroq davlatlar moliyaviy ko‘mak choralarini ko‘rishi uchun xalqaro tashkilotlar va boshqa donorlarga murojaat qilishga majburlar.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlar

Dunyo bo‘ylab amalga oshirilgan ko‘mak choralari orasida bevosita naqd pul yordami ham bor.

Ko‘pgina davlatlarda moliyaviy yordam qashshoq yoki norasmiy sektorda ishlaydigan odamlarga qaratilgan, yoki karantin tufayli ish tartibi o‘zgargan odamlarni ko‘zda tutgan.

Misol uchun, Kanada pandemiya tufayli daromadini yo‘qotgatgan odamlarga to‘rt oygacha oyiga 1400 dollardan to‘layapti. Kosta Rika esa virus tufayli ishidan ayrilganlarga oyiga 220 dollar bermoqda.

AQSh va Osiyodagi ba’zi davlatlar undanda kengroq usulni qo‘llashyapti.

Amerikada yiliga 99 ming dollardan kam topadigan odamlar (amerikaliklarning taxminan 90 foizi) har bir voyaga yetgan oila a’zosi uchun 1200 dollar oladi. Janubiy Koreya esa daromad pog‘onasining pastki 70 foiziga kiruvchi aholisi uchun 820 dollardan ulashyapti.

Gonkong har kishiga 1280 dollardan berilishini e’lon qilgan, Yaponiya o‘z fuqarolariga 931 dollardan, Singapur esa 422 dollardan ulashgan.

Bundan farqli ravishda, Yevropadagi aksar davlatlar bu kabi naqd pul yordamlarini berishmadi va asosan shundoq ham kuchli sanalgan boshqa imtiyozli dasturlarga tayanishmoqda. Masalan, Britaniyada ishsiz va nogironlarga beriladigan Universal credit dasturi ko‘lami kengaydi.

«Agar buni AQSh bilan solishtirsangiz, aslida AQShda yanayam ko‘proq ko‘mak berilishi kerakligini ko‘rasiz, chunki u yerdagi ijtimoiy ko‘mak dasturlari ancha kichik», deydi Mauro.

Maosh subsidiyalari

Yana bir strategiyaga ko‘ra, davlatlar karantin tufayli jabr chekkan kompaniyalar xodimlarining maoshlarini qoplashga yordam bera boshladilar. Umid shuki, agar kompaniyalar o‘z ishchilarini saqlab qolsa, karantin tugashi bilan iqtisod qayta jonlanishi tezlashadi.

Bunda Gollandiya eng saxiy namoyon bo‘lyapti – u yerda kompaniyalar xodimlari maoshlari 90%gacha davlat hisobidan qoplab beriladi. Fransiyada bu ko‘rsatkich – 84%, lekin agar ishchi eng kam ish haqiga ishlab kelayotgan bo‘lsa, unda maoshi 100% qoplanadi.

Britaniyada har bir karantindagi ishchi maoshining 80 foizi kamida uch oy davomida davlat tomonidan qoplanadi, Kanadada esa – 75%.

AQSh biroz boshqacha usulni qo‘llamoqda – u yerda agar kompaniyalar uchun 650 milliard dollarlik kredit ajratildi. Agar kompaniyalar o‘z ishchilarini bo‘shatmasa va shu pulning aksar qismini ikki oy ichida asosan maoshlarga sarflasa, qarzni qaytib to‘lashi shart emas.

Ammo, AQShdagi bu Paycheck Protection Program dasturi nafaqat o‘ta katta talab ostida, balki katta mojaro ichida qoldi, chunki tanqidlarga ko‘ra, yirik kompaniyalar kichik bizneslarga yordam uchun ajratilgan pulning aksarini so‘rib olishyapti.

Boshqa kompaniyalar esa ko‘makning asosan maoshlarga ajratilayotganidan norozilar, chunki ularga ko‘ra, ularning omon qolishiga aslida boshqa xarajatlar tahdid soladi.

Moliyaviy ekspert Daniel Bannga ko‘ra, davlatlar uzoq muddatda bu kabi ko‘mak berishda davom eta olmaydi, ammo hozircha ular saxiy bo‘lishga qaror qilishgan. Lekin, bu saxiylik yetarli yo yetarli emasligini aytishga hali ancha erta.