Tadbirda, Davlatimiz rahbari tomonidan karantin cheklovlarini yengillashtirish, aholini ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda iqtisodiyotni tiklash bo‘yicha joriy yilning 7-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarning ijrosini tashkil etish masalalari muhokama etildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Bosh prokuratura axborot xizmati

Shuningdek, karantin sharoitida hududlardagi prokurorlar sektorlarida ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab – quvvatlash borasidagi ishlarning holati tanqidiy tahlil qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, Davlatimiz rahbarining tegishli Farmon va qarorlari hamda bevosita ko‘rsatmalari asosida amalga oshirilayotgan qat’iy chora – tadbirlar pandemiya xurujiga qo‘yilgan to‘siq sifatida uning mudhish oqibatlarining oldini olmoqda.

Pandemiyaning mamlakatimizga ta’sirini yumshatishga qaratilgan ishlarda prokuratura organlari ham hissa qo‘shmoqda.

Ayniqsa, hozirgi sharoitda oziq – ovqat xavfsizligini ta’minlash va buning uchun qishloq xo‘jaligidagi ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, tadbirkorlarni, jumladan eksportyorlarni har tomonlama qo‘llab – quvvatlash, karantin qoidalariga rioya etilishini qat’iy nazorat qilish borasida prokuratura xodimlari fidokorona mehnat qilmoqda.

O‘z navbatida, joylardagi prokurorlar zimmasiga o‘zlari rahbarlik qilayotgan sektorlar hududlaridagi ehtiyojmand oilalarni aniqlab, ularga zarur amaliy yordamni manzilli ko‘rsatish bo‘yicha alohida mas’uliyat yuklatilgan.

Xususan, pandemiya va karantin sharoitida har bir sektor rahbari ehtiyojmand oilalarni qo‘llab – quvvatlash ishlarini aniq kundalik rejalar asosida, har bir oila kesimida amalga oshiradi. Natijalar haqidagi ma’lumotlarni maxsus daftarda qayd etib boradi va shu tariqa sektor hududidagi biron – bir ehtiyojmand oilaning e’tibordan chetda qolmasligi ta’minlanadi.

Bunday mexanizm ehtiyojmandlarga ko‘rsatilayotgan moddiy va boshqa turdagi yordamning to‘liq, o‘z vaqtida manzilga yetib borishi, bu borada turli suiiste’molchilik, talon – toroj, soxtakorlik va ko‘zbo‘yamachiliklarning oldini olishga ham xizmat qiladi.

Shu kunga qadar prokurorlar sektorlaridagi 80 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaga bevosita ularning xonadoniga kirib, moddiy, huquqiy va boshqa tarzdagi amaliy yordam ko‘rsatilishi ta’minlandi.

Yig‘ilishda mazkur yo‘nalishlarda prokurorlar sektorlarida olib borilayotgan ishlar tuman va shaharlar kesimida tahlil qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, amalga oshirilayotgan chora – tadbirlar ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi.