O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish instituti UNWTO (BMT Butunjahon turizm tashkiloti) akademiyasiga affillangan aʼzo sifatida  qo‘shildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi xabar bermoqda.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi

UNWTO akademiyasiga qo‘shilish Institutga quyidagi imkoniyatlarni beradi:

  • Butunjahon turizm tashkilotining barcha tadbirlarida ishtirok etish;
  • Akademiya va on-line platforma resurslaridan foydalanish;
  • Sohadagi so‘nggi va dolzarb maʼlumotlar, trendlar va ilmiy tadqiqotlar, turistik kompaniyalar menejer va mutaxassislari uchun ixtisoslashtirilgan dasturlarga kirish;
  • O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi akademik va ilmiy jozibadorligini oshirish hamda hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish.

Turizmni rivojlantirish institutining Akademiyaga aʼzoligi 2021-yilda UNWTO Yevropa komissiyasi yig‘ilishida ratifikatsiya qilinadi.

Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi “Turizm o‘quv-konsalting markazi” DUK bazasida tashkil etilgan Turizmni rivojlantirish instituti 2019 yilning 10 oktyabrida o‘z faoliyatini boshlagan. Institut turizm sohasida fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar hamda izlanishlar olib borish, turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.