Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida kelgan sel tufayli ikki avtomobil oqib ketdi, lekin qurbonlar yoki jabrlanganlar qayd etilmadi. Bu haqda muxbir Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: Voqea joyi

Voqea 5 may kuni soat 18:00 atrofida tumanning Quyimozor qishlog‘ida ro‘y bergan. Dala yumushlarini bajarib, GAZ 24 mashinasida uyiga qaytayotgan Sanjar Soliev Kosoncoyni kechib o‘tayotganida suv ko‘paygani va oqim tezligi sabab boshqaruvni yo‘qotadi.

Mashinada ayalarim, jiyanlarim ham bor edi. Ularni tushirishga ulgurdim, keyin mashinani suv surib ketdi. Shundan so‘ng favqulodda vaziyatlar bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildim. Agar ular kelib yordam bermaganida avtomobilim oqib ketishi aniq edi, — deydi Sanjar.

Tuman FVB boshlig‘i Foziljon Xo‘jamberdievga ko‘ra, shu kuni soy seli oqizib ketgan transport vositalari qatorida yana bir fuqaroning VAZ 2107 mashinasi ham bo‘lgan.

Aslida sel kelmagan paytlar bu yerdan bemalol odamlar, mashinalar o‘tadi, suv oqimi ham cho‘chimaydigan darajada. Biroq o‘sha kuni kuchli yomg‘ir yog‘ishi sababli sel kelib, shunday hodisa sabab bo‘ldi. 2 ta maxsus texnika va 10 nafarga yaqin xodim yordamida murojaat bo‘lganidan so‘ng yarim soatlar o‘tib ikki mashinani ham qutqarishga muvaffaq bo‘ldik, — deydi Foziljon Xo‘jamberdiev.