Professional boks bo‘yicha uch vazn toifasidagi sobiq chempioni Oskar De La Hoya UFCning sobiq chempioni Konor MakGregor va Floyd Meyvezer o‘rtasidagi boks jangi haqida keskin fikr bildirdi.

Foto: Sports

“Qani, birodar. Ikki raund menga bardosh bera olasanmi? To‘g‘ri, menga oktagondagi Konor MakGregor yoqadi, uni bu borada hurmat qilaman. Ammo boks ringi – bu butunlay boshqa narsa. Meyvezer va MakGregor, ikkingiz ham boksni hurmat qilmaysiz”, deydi De La Hoya CBSsports’ga bergan intervyusida.

MakGregor ham ushbu taklifga befarq bo‘lmay, “Men sizning chorlovingizni qabul qilaman, Oskar De La Hoya”, deya Twitter’dagi sahifasida yozib qoldirdi.

Ma’lumot o‘rnida, 47 yoshli De La Hoya 2008-yil dekabr oyida Menni Pakyaoga qarshi jangda nokautga uchrab, professional boksdagi faoliyatini yakunlagan.
 
MakGregor esa faqat bir marta 2017-yilning avgustida Floyd Meyvezerga qarshi jang uchun boks ringiga chiqqan. Ushbu jangda boks bo‘yicha 12 karra jahon chempioni Meyvezer MakGregorni 10-raundda texnik nokaut bilan mag‘lub etgandi.