Bir vaqtlar matbuot Diviya Bxartining sirli o‘limi haqida juda ko‘p yozgan bo‘lsa-da, biroq o‘shanda aktrisa bilan nimalar sodir bo‘lgani haligacha sirligicha qolib ketmoqda.

Foto: Xabardor

1990-yillarda u Bollivudning eng kelajagi porloq aktrisalaridan biri sifatida e’tirof etilayotgandi. Uning olamshumul muvaffaqiyati va shon-shuhrati birgina baxtsiz hodisa tufayli butunlay barham topdi. U 19 yoshida, beshinchi qavatda joylashgan xonadoni ochiq derazasidan tushib ketib, halok bo‘ldi. Bollivud vakillarining ko‘pchiligi mazkur hodisani atayin uyushtirilgan, deb hisoblaydi. 

Nahotki kimdir uni itarib yuborgan bo‘lsa?! Uning o‘limi tufayli ochilgan ish hujjatlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘sha paytda xonada uch kishi bo‘lgan: dizayner Nita Lulla, Nitaning eri ruhshunos Shiyam va xizmatkor Amrita. Surishtiruvlar natijasida aniqlanishicha, Diviyaning xizmatkori u tug‘ilganidan beri yonida bo‘lib, unga g‘amxo‘rlik qilib kelgan. Aktrisaning o‘limidan esa qattiq tushkunlikka tushib, hech kim bilan gaplashmay qo‘ygan. Amrita Diviyaning o‘limidan qattiq siqilganligi tufayli bir oydan so‘ng yurak xurujidan vafot etgan.

O‘sha mudhish tun
Vaqti: 1993-yil, 5-aprel. Soat: 23:00.
Joyi: Mumbay g‘arbida joylashgan “Tulsi” turarjoy majmuasining 5-qavati.

Bir necha soat avval Diviya riyeltor bilan uchrashib, uyiga qaytgan. U ota-onasi uchun uy olib bermoqchi edi. Va nihoyat unga yoqadigan 4 xonali apartament topilganidan xursand edi. Mumbaydan yaxshigina uy sotib olish unchalik ham oson ish emas. Shu bois Diviya juda baxtli bo‘lgan va o‘zining sevimli akasi Kunalga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qilib, kvartirani tasvirlab bergan.

U yaqinda Chennaydagi tasvirga olish maydonidan qaytib kelgan, shu tundayoq Haydaroboddagi boshqa tasvirga olish joyiga jo‘nab ketishi kerak edi. Biroq bu safarini kechiktirdi, chunki uy oldi-sotdisini hal qilishi lozim edi. O‘sha kuni Diviya chap oyog‘ida bog‘lam bilan yurgan va prodyuseriga jarohatlanganini, Haydarobodga bir kundan keyin borishini aytgan. Shu payt unga qo‘ng‘iroq bo‘lib, Nita Lulla va uning eri bilan uchrashishi kerakligi yodiga tushadi. Eslatib o‘tish lozim, o‘shanda Diviya yashayotgan xonadon unga tegishli bo‘lmagan, boshqa kishining nomiga rasmiylashtirilgan. Diviya tez orada Mavrikiyga suratga tushish uchun jo‘nab ketishi (Haydaroboddan keyin) lozim edi, Nita esa o‘sha filmning dizayneri bo‘lgan. Tasvirga olishdan so‘ng Diviya yangi uyga ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotgandi. Bu safar o‘z shaxsiy uyiga. Qiz juda hayajonlanayotgandi.

Nita va Shiyam tungi soat 22:00 lar atrofida kelib, mehmonxonada o‘tirishgan. Stol ustida bitta vino va bir butilka viski bo‘lgan. Xizmatkor Amrita oshxonaga chiqib, gazak tayyorlashga tutingan. Nita videomagnitofonni yoqib, turmush o‘rtog‘i bilan film tomosha qilgan. Diviya esa mehmonxonadan turib, oshxonadagi Amrita bilan suhbatga tutinadi.

Eslatib o‘tish lozim, mehmonxonada hech qanday balkon bo‘lmagan, ochiq turgan deraza bo‘lgan, xolos. Pastda esa avtoturargoh bo‘lib, o‘sha kecha hech qanday mashina yo‘q edi. Qanday sababga ko‘ra Diviya deraza yoniga borgani va tokchasiga chiqqani ma’lum emas. U sirpanib ketib, muvozanatini yo‘qotgan hamda boshi va yelkasi bilan beton yerga urilgan. Shifoxonaga yetkazilayotganda qiz tirik bo‘lgan. U jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Unga bosh miyadagi bir nechta jarohatlar tufayli kuchli ichki qon ketish tashxisi qo‘yildi. Qizning bosh suyagi bir nechta joyidan sinib ketgandi.

Politsiya hozirgi kungacha Diviyani derazaga chiqib, pastga qarashga nima majbur qilganini aniqlay olmagan. Qizig‘i shundaki, ko‘pchilik yaqinlari uning derazadan tushib ketganiga ajablanishmadi. Chunki guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Diviya tasvirga olish chog‘ida xavfli tryuklarni amalga oshirishni yaxshi ko‘rgan, chunki unga o‘lim bilan o‘ynashish juda yoqqan. Biroq oxirgi tryuki uning umriga zomin bo‘ldi.

Diviya Bxarti hayoti borasidagi ba’zi mish-mishlarga aniqlik kiritamiz.

1. “Diviya Bxarti debyut rolini Sanni Deol bilan ijro etgan”.
Haqiqat: Diviya Bxarti 9-sinfda o‘qib yurganida o‘qishni tashlab ketadi va Bollivudda rol ijro etish havasiga tushadi. Uning ota-onasi juda ko‘p prodyuserlarga qizlariga rol berishni so‘rab, yolvorishgan. Biroq hech kim bunga rozi bo‘lmagan. Shunda Diviya janubga yo‘l olib, telugu tilidagi filmlar yulduzi Venkatesh bilan “Bobbili Raja” kinosida rol ijro etadi. Filmni Venkateshning otasi D. Ramanaydu suratga olgan. Kino katta superxitga aylandi. Diviya o‘z karyerasini 1988-yilda boshlagan. Biroq 1992-yilgacha Bollivudda rol ijro eta olmagan. Ungacha qiz Tollivud yulduzi bo‘lgan.

2. “Diviya Bollivuddagi karyerasini xit film bilan boshlagan”.
Haqiqat: Diviya Bxartining Bollivuddagi birinchi filmi “Vishwatma” o‘rtacha film bo‘lib chiqdi. Ikkinchisi esa butunlay kinoprokatlardan olib tashlandi. Biroq Diviya matbuot nazariga tushdi. Bu mag‘lubiyatlarni Diviya optimizm bilan qarshi olgan. Uning birinchi muvaffaqiyatli filmi – Govinda bilan juftlikda rol ijro etgan “Shola Aur Shabnam” bo‘lgan.

3. “Diviyaning oxirgi tugallanmagan filmlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan”.
Haqiqat: Diviya Bxarti bilan shartnoma imzolangan, biroq oxirigacha suratga tushib ulgurmagan barcha filmlar xitga aylangan. Masalan, “Mohra” filmida Diviyadan so‘ng Akshay Kumar bilan rol ijro etishga Ravina Tandon chaqirildi va kino superxit darajasiga chiqdi. “Vijaypath” filmida esa asosiy qahramon Ajay Devganga Diviyadan keyin Tabu partnyor bo‘ldi.

Internetda hatto uning oxirgi filmi “Laadlaa”da Diviya Bxarti ijro etgan bir qator sahnalarni ko‘rishingiz mumkin. Keyinchalik bu sahnalar Shrideviga mo‘ljallab qaytadan suratga olindi. Siz o‘sha videoda Diviya hamda Shridevini bir xil kadrlarda tomosha qilishingiz mumkin. 

4. “Diviya Bxarti o‘limi chog‘ida kvartirasida yolg‘iz va tushkun kayfiyatda bo‘lgan”.
Haqiqat: O‘limi oldidan u juda baxtiyor bo‘lgan. Chunki ota-onasiga uy sotib olib berayotgandi. Hayotining so‘nggi daqiqalarini u uyda, yaqin dugonasi, modelyer Nita Lulla, uning turmush o‘rtog‘i va xizmatkori bilan birga o‘tkazgan.