Foto: O’zA

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. 

Kun tartibidagi masala bo‘yicha viloyat hokimi Rustam Xolmatov tanqidiy-tahliliy nutq so‘zladi. 

Viloyat rahbari o‘z so‘zida shaharda bugun to‘planib qolgan muammolar, ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga tanqidiy baho berdi. 

Chirchiq — sanoat shahri, ammo oxirgi ikki yilda hududda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi sezilarli ravishda kamaygan, dedi viloyat hokimi.

Yig‘ilishda, shuningdek, shaharda bugun kommunal sohada yig‘ilib qolgan muammolar, aholi, birinchi navbatda, yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qilingan ishlar tahlil qilindi.

Muhokamalardan so‘ng, Rashidov Qahramon Botirovichni Chirchiq shahar hokimi vazifasidan ozod etish to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarori Xalq deputatlari shahar kengashi deputatlari tomonidan tasdiqlandi. 

Rustam Xolmatov Chirchiq shahar hokimi lavozimiga Yusupov Sanjar Mirtoirovich nomzodini tavsiya qildi. 

Muhokamada so‘zga chiqqanlar tavsiya etilgan nomzodning salohiyati, qayd etilgan muammolarni ijobiy hal etish bo‘yicha shahar hokimligi, faollar oldida turgan vazifalar haqida to‘xtaldi. 

Muzokaralardan so‘ng, Yusupov Sanjar Mirtoirovich Chirchiq shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib deputatlar tomonidan tasdiqlandi. 
S. Yusupov mehnat faoliyati davomida “Toshkent traktor zavodi” OAJ,

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ da mas’ul vazifalarda ishlagan.
Sanjar Yusupov 2018-2020 yillar davomida Toshkent viloyati hokimining kapital qurilish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.