Xitoyning Shensi provinsiyasida qutqaruvchilar tuproq ostida uch kun qolib ketgan ayolni qabrdan chiqarib olishdi, deya xabar berdi “Metro”.

Foto: Metro.co.uk

Favqulodda xizmat xodimlari 79 yoshli kampirni chiqarib olishdi. Uni o‘z o‘g‘li tiriklayin ko‘mib tashlagan ekan. Xabarga ko‘ra, nafaqadagi ayol tirik.

Hodisa 5-may kuni ma’lum bo‘ldi. Yo‘qolib qolgan kampirning kelini politsiyaga murojaat qilgan.

Uning aytishicha, eri falajlangan onasini aravaga solib, qayoqqadir olib ketgan. So‘ng yolg‘iz o‘zi qaytgan. Qaynanasi qayerdaligini so‘raganida, eri mashinaga solib, qarindoshinikiga yuborganini aytgan.

Erining gaplariga ishonmagan ayol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, 57 yoshli Ma onasini qabristondagi tashlandiq go‘rga tashlab, jinoyatini yashirish uchun tuproq bilan ko‘mib yuborgan.

Falajlangan keksa ayol ovqatsiz, suvsiz qabrda uch kechayu uch kunduz qolib ketgan. Qabristonda politsiyachilar ayolning yordam so‘rab ingrayotganini eshitishgan. Ular qabrni kovlab, ayolni chiqarib olishgan. U qiynalib nafas olardi. Keksa ayol tezda shifoxonaga yetkazilgan. O‘g‘li esa hibsga olingan.