O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra, bugun Dushanbega Mudofaa vazirligi samolyotida navbatdagi gumanitar yordam yetkazildi. Bu haqda “Aziya-Plyus” nashri xabar bermoqda.

Foto: Dunyo

Toshkentdan Dushanbega 10 ta IVL apparati, dori-darmonlar, tibbiy himoya vositalari yuborildi. Shuningdek, 8 nafar o‘zbek vrach-virusologlari ham koronavirusga qarshi kurashishda Tojikistonga yordam beradi.

“Vrachlar Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tayinlagan shifoxonalarda ishlashni boshlaydi”, – deydi Dushanbe hokimligi vakili.

5-may kuni ikki davlat rahbarlari epidemiologik vaziyat rivojini nazorat qilish va koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olgan edilar.

Hozirda Tojikistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirganlar soni 461 kishiga yetdi. Shuningdek, infeksiya qurbonlari soni 12 kishini tashkil etmoqda.

Avvalroq, O’zbekistondan Tojikistonga “konteyner-palata”lar yetkazgani haqida xabar berilgan edi.