COVID-19 pandemiyasi hayotning barcha sohalariga,  ayniqsa jahon iqtisodiyotiga taʼsir koʻrsatdi. Xususan, neft va gazga talab pasayib ketdi.

Foto: Sputnik

Shu munosabat Oʻzbekiston, Turkmaniston va Qozogʻiston – Xitoyga gaz yetkazib berishni qisqartirish haqida oʻylamoqda.

Bu haqda S&P Global Platts agentligiga “Oʻzbekneftegaz” bosh direktori Mehriddin Abdullayev maʼlum qildi.  

Uning soʻzlariga koʻra, gaz yetkazib berishni qisqartirish tashabbusi aynan Xitoydan kelgan.

“Xitoy qisqartirishni soʻradi, bu oʻz navbatida Turkmaniston, Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida gaz taʼminoti mutanosib ravishda kamaytiriladi”, – dedi Abdullayev.

U taʼkidlashicha, har bir mamlakat yetkazib berish hajmini qanchaga qisqartirishi hozircha nomaʼlum.

Eslatib oʻtamiz, gaz Xitoyga “Turkmaniston-Oʻzbekiston-Qozogʻiston-Xitoy” quvuri orqali yetkazib beriladi. Uning oʻtkazish qobiliyati yiliga 55 milliard kubometr gazni tashkil etadi.

Oʻzbekiston Kunchiqar davlatga yiliga 10 milliard gaz yetkazib beradi. Biroq, respublikaning uzoq muddatli rejalarida – ichki gazni qayta ishlashga koʻproq eʼtibor berish, kelgusi 10 yil ichida gaz eksportini deyarli nolga tushirish kiradi.

2019-yilda Oʻzbekistonda gaz qazib chiqarish deyarli 60 milliard kubometrga yetdi. 2030-yilga kelib bu koʻrsatkichni 20 foizga oshirish rejalashtirilgan.